Oxirgi marta yevro va dollarning 1:1 kursi 2002 yilning kuzida kuzatilgan edi. O‘shandan beri Yevroittifoq valutasi doimiy ravishda AQSh valutasidan qimmatroq bo‘lib keldi. 2008 yilda AQShda moliyaviy inqiroz avj olgan paytda esa 1 yevro 1,6 dollargacha ham ko‘tarildi. Keyingi bir necha yil davomida kotirovkalar 1,3-1,5 dollar oralig‘ida o‘zgarib turdi va so‘nggi yillarda 1 yevro 1,15-1,25 dollar darajasida shakllandi. 14 iyul holatiga ko‘ra esa birjada 1 yevro 1 dollardan arzonroq baholanmoqda. Xo‘sh, nima uchun jahon bozoridagi eng barqaror valutalardan biri shiddat bilan qadrsizlana boshladi?
Ukrainadagi urush – yevro zaiflashishining asosiy sababimi?
Qisman olganda, ha. 2022 yil boshida 1 yevro 1,14 dollarni tashkil etgan. Ammo Rossiya va Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng fevral oyi oxiridan boshlab yevro kursi qadrsizlana boshladi. 8 iyulga kelib, so‘nggi yigirma yil ichida birinchi marta har ikki valuta qiymati deyarli tenglashdi. 11 iyul kuni ushbu holat yana takrorlandi.
Energetika inqirozini keltirib chiqargan va potensial uzoq va chuqur tanazzulga olib kelishi mumkin bo‘lgan urushdan Yevropa eng ko‘p zarar ko‘rmoqda. Urush tufayli xalqaro investorlar o‘z aktivlarini yevrodan dollarga aylantira boshladi va AQSh milliy valutasiga nisbatan talab oshdi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar e’lon qildi, Rossiya iqtisodiyoti bilan an’anaviy aloqalarini uzdi. YeI mamlakatlari iqtisodiy turg‘unlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan energetika inqirozi bilan ro‘baro‘ kelmoqda.
PSB bosh tahlilchisi Yegor Jilnikovning ta’kidlashicha, “gaz uchun rubl” sxemasi ham yevro/rubl juftligida rublga, yevro/dollar juftligida esa dollarga bo‘lgan talab oshishiga olib kelgan. Mutaxassislar so‘nggi kunlardagi yevro kursining keskin pasayishini “Shimoliy oqim 1” gaz quvuridan Yevropaga gaz uzatish to‘xtatilishi bilan ham bog‘lashgan.
AQSh Federal zaxira tizimining keskin choralari
Mamlakatda rekord darajaga yetgan inflatsiyani sekinlashtirish uchun 1994 yildan keyingi davrda birinchi marta AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) bazaviy stavkani 0,75 foiz punktga oshirdi. Markaziy banklar tomonidan bazaviy stavkalar ko‘tarilishi esa davlat obligatsiyalari daromadi oshishiga olib keladi. Qo‘shma Shtatlar xalqaro moliya bozoriga katta miqdorda qimmatli qog‘ozlar chiqaradi va ular butun dunyoda eng ishonchli investitsiya aktivi hisoblanadi. FZTning keskin choralari AQSh milliy valutasi mustahkamlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.
Yevropa Markaziy banki esa ancha kech, iyul oyiga kelib harakatga kela boshladi va o‘z bazaviy stavkasini 0,25 foizgagina ko‘tardi. Aynan foiz stavkalari va shunga monand ravishda AQSh va YeI davlat obligatsiyalarining daromadlilik darajasidagi doimiy ortib borayotgan farq yevro qadrsizlanishi va dollar kuchayishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Yevropa Markaziy bankidan farqli ravishda Federal zaxira tizimi pul-kredit sharoitlarini qat’iy va tez sur’atlarda o‘zgartirib bormoqda.
“FZT hozirgi kunda valuta bozoridagi ohangni belgilamoqda”, deya ta’kidlagan nemis investitsiya kompaniyasi HQ Trust bosh iqtisodchisi Maykl Xeyz. Umuman olganda Yevropadagi retsessiya ehtimoli ham dollarga bo‘lgan talabni keskin oshirdi.
Shu bilan bir qatorda, iyul oyi davomida dollar kursi iyena, funt sterling, Kanada dollari, shved kronasi va Shveytsariya frankiga nisbatan ham mustahkamlangan. “11 iyul kuni iyena dollarga nisbatan 24 yil ichidagi eng past darajaga tushdi”, deya yozadi Reuters agentligi.
Kuchli dollar kursi AQShga ham faqat foyda keltirmaydi
Yevro qadrsizlanishi va dollar kursining sezilarli darajada mustahkamlanishi Qo‘shma Shtatlar uchun foydali, ammo bu bir qancha zararli oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. Juda mashhur bo‘lgan “valuta qanchalik kuchli bo‘lsa, mamlakat ham shunchalik kuchliroq bo‘ladi” formulasi bugungi kundagi zamonaviy global iqtisodiyot haqiqatlarini o‘zida ifoda etmaydi.
Milliy valutaning yuqori kursi ko‘p miqdordagi tovarlar import qiladigan mamlakatlar uchun juda ham muhim. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, dollarning yuqori kursi AQShga Yevropa, Xitoy, Yaponiya va dunyoning boshqa davlatlaridan import qilinadigan mahsulotlar tannarxini pasaytiradi va shu orqali inflatsiyaga qarshi kurashda yordam beradi. Bugungi kunda Qo‘shma shtatlardagi asosiy makroiqtisodiy muammo ham yuqori darajadagi inflatsiya hisoblanib, iyun oyida bu ko‘rsatkich oxirgi 40 yil ichida birinchi marta 9,1 foizga yetgan. Inflatsiyada yoqilg‘i, oziq-ovqat hamda ijara narxi o‘sishi eng yuqori o‘rinlarni egallagan.
Boshqa tomondan, dollar kursi mustahkamlanishi tufayli arzonlashib borayotgan xorijiy mahsulotlar Amerikaning o‘zidagi tovar ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Bundan tashqari, milliy valutaning haddan tashqari yuqori kursi amerikalik eksportyorlar manfaatlariga putur yetkazadi, chunki bu ularning mahsulotlarini jahon bozorida qimmatlashtiradi va shu tariqa avtomobillar, kompyuterlar, mikrochiplar, oziq-ovqat va AQShda ishlab chiqarilgan boshqa tovarlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini pasaytiradi. Qisqacha qilib aytganda, kuchli dollar Vashington ma’muriyatining mamlakatdagi salbiy savdo balansini (AQSh eksportga nisbatan ko‘proq import qiladi) tenglashtirish va sanoat ishlab chiqarishini ko‘paytirish yo‘lidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlariga putur yetkazadi.
Qanday prognozlar bildirilmoqda?
Ba’zi tahlilchilar Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib, inqirozni kuchaytirsa, yevro kursi 90 sentgacha tushishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Deutsche Bank strateglarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlaridagi retsessiya natijasida 1 yevro 0,95-0,97 dollargacha pasayishi mumkin.
“Yevro dollarga nisbatan asta-sekin pasayishda davom etishi mumkin. Yaqin kelajakda 1 yevro 0,95 dollargacha, uzoq muddatli istiqbolda esa yevro/dollar juftligini 0,8–0,9 dollar oralig‘ida ko‘rishimiz mumkin”, deydi BCS Mir Investmens fond bozori eksperti Dmitriy Babin.