Samarqandda yuk mashinasi buzilib qolgan Damas’ni itarib ketayotgan haydovchini urib ketdi

Jamiyat 13:27 / 13.07.2022 11457

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 2022 yil 3 iyul kuni Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jomboy tumani hududidan o‘tuvchi 1072-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Damas haydovchisi yonilg‘isi tugab qolgan mashinani yo‘lning chetida itarib ketayotganda somon ortib ketayotgan yuk mashinasi uni ortidan urib yuborib, hodisa yuz bergan joydan qochib ketgan.

Oqibatda, Damas haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida halok bo‘lgan. IIB YHXB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida yuk mashinasi haydovchisi topilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda katta tezlikda mashina boshqargan 17 yoshli o‘smir singlisi va uning dugonasi hayotiga zomin bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: