O‘zbekistonda 200 ming so‘mlik banknotalar muomalaga chiqariladi

Iqtisodiyot 12:52 / 13.07.2022 59475

Markaziy bank 2022 yil 15 iyulidan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.

Foto: Markaziy bank

Mazkur banknot mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakat hududidagi Farg‘ona vodiysining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.

Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “200000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 4 mm.li ko‘k rangli, “siljish” effektiga, “UZB” yozuviga ega bo‘lgan, mikrooptik va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy rangi – firuza rangda bo‘lib, boshqa ranglar bilan uyg‘unlashgan. Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan. Banknot old tomoni chap qismida Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan “XUDOYORXON O‘RDASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida “200000” raqami, yuqori qism markazida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni ko‘k va yashil ranglarda hamda yuqori o‘ng burchakdagi O‘zbekiston Gerbi yashil rangda joylashgan.

O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan yashil rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknot quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.

Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “IKKI YUZ MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda bo‘yoq bo‘rtmaligini sezish mumkin. Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi halqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda tasvirlardagi aniqlik yo‘qoladi.

Shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida ko‘rinuvchi naqshinkor bezakning yashil rangli fonida “UZB 200000 SO‘M” so‘zi qizil rangda tasvirlangan. Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Yuqori chap qismida “XUDOYORXON O‘RDASI” me’moriy yodgorligidagi naqshinkor bezak tasviri registr vazifasini bajargani holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil bo‘ladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan. Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III asrga tegishli qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti bo‘lgan “AXSIKENT ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Markaziy qismida mashhur Quva anorining ramzi sifatida “anor” tasvirida zamonaviy “Spark live” himoya elementi qo‘llanilgan bo‘lib, turli qiyalikda rang o‘zgarishi va siljish effektini hosil qiladi. O‘ng qismida Farg‘ona vodiysidagi arxeologiya yodgorligi topilmalari – miloddan avvalgi II ming yillikka tegishli bo‘lgan sopol idish va ikki boshli ilon ko‘rinishidagi qadimiy tosh tumor tasviri aks ettirilgan.

Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2022” chop etilgan. Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “200000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “IKKI YUZ MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.

Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, 200 000 so‘mlik banknotlar, ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 200 ming so‘mlik kupyura 2024 yilga borib muomalaga chiqishi mumkinligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: