Rossiya Yevropaga boradigan asosiy gaz o‘tkazgichni «vaqtincha» yopdi. Yevropa jo‘mrak qayta ochilmasligidan xavotirda

Iqtisodiyot 17:58 / 11.07.2022 38860

«Chiroqlar xiralashtirilsin, issiq suv darajasi pasaytirilsin»

Yevropa allaqachon Rossiya gazni uzib qo‘yishi xavfiga tayyorgarlikni boshlagan. Germaniyada issiq suv darajasini pasaytirishgan, shuningdek, ko‘chalardagi yoritgichlar nurini ham. Endi Yevropa ushbu favqulodda holatga mamlakatlar miqyosida alohida emas, birgalikda tayyorlanishni boshlamoqda. Bu boradagi reja bir hafta ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

«Vaziyat juda jiddiy va inqiroz bundan ham yomonroq holatgacha borishi mumkin. Rossiya gaz yetkazib berishni yanada kamaytirishini istisno qilib bo‘lmaydi», degandi ruslar «Shimoliy oqim»da go‘yoki profilaktika ishlari boshlanishi haqida e’lon qilishidan biroz avval yevrokomissar Kadri Simson.

Uch yil avval «Gazprom» Yevropaga kuniga 500 million kubmetr gaz sotgan. Joriy yil may oyiga kelib bu ko‘rsatkich kunlik 250 million kubmetrgacha tushdi. Iyulda esa ruslar Yevropaga kuniga 140 million kubmetr gaz bermoqda. Turkiyadan o‘tadigan «Turk oqimi» o‘tkazgichida olib borilgan tuzatish ishlari sabab kunlik yetkazib berish hajmi 100 million kubmetrgacha kamayib ketgandi. Yaqin 10 kunda esa Yevropa kuniga 75 million kubmetr gaz olishi kutilmoqda.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning aytishicha, bundan keyin ahvol faqat yomonlashishi mumkin va Rossiya gazni butunlay uzib qo‘yishiga tayyorlanaverish kerak.

Yevropa Ittifoqidagi 27 davlat dunyodagi ikkinchi eng yirik iqtisodiyot vakillari sifatida (ittifoq davatlari ko‘rsatkichlari bu borada birga hisoblanadi) 450 million aholisini juda chuqur energetik inqirozdan olib chiqishi kerak bo‘ladi. Bu esa birdamlikda harakat qilish zarurligini ko‘rsatmoqda. Joriy hafta yakunida ittifoq davlatlari energetik inqiroz keltirib chiqargan favqulodda vaziyatga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Ushbu rejadan nimalar o‘rin olishi aniq emas, ammo ikkita asosiy yo‘nalish ma’lum. Birinchidan, mavjud zaxiralar teng taqsimlanishi. Bu inqiroz qarshisida barcha bir xil holatda bo‘lishini ta’minlaydi. Buning uchun zaxirasi ko‘p davlatlar gazni ulashishi, boy davlatlar kambag‘alroqlariga yordam berishi kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, davlatlar talabni birgalikda qisqartirishga kelishib oladi. Ya’ni, qaysi sohalarda energiyani tejash va gaz butunlay tugab qolsa, birinchi bo‘lib kimni tarmoqdan uzish borasida.

Putin energetik fojia bilan tahdid qilmoqda

Rossiya Yevropaga gaz yetkazib beradigan asosiy davlat hisoblanadi. Ushbu monopolligidan «unumli foydalangan» Rossiya o‘tgan yildan buyon jo‘mrakni asta-sekin burab kelmoqda. Rossiya gazni kam yetkazib bergan sari energiya narxi tarixiy rekord darajada qimmatlab ketdi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirguniga qadar energiya inqirozi boshlanib bo‘lgandi.

Urush boshlangach esa Rossiya gazdan Yevropani shantaj qilish uchun foydalana boshladi, chunki YeI davlatlari rus gazidan haliveri voz kecha olmasligi kunday ravshan edi. Yevropaliklar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasidagi ko‘mirdan, xavfsizlik uchun AESlardan kechish g‘oyasini ham unutib, hozir rus gazidan foydalanilmaydigan har qanday energiyani ishlab chiqarishga tayyor bo‘lib turishibdi.

Rossiya yevropaliklar bo‘yniga gaz ko‘rinishidagi tig‘ni tirashi shunchalikka olib keldiki, o‘tgan yil boshidan buyon gaz narxi 8 baravar qimmatladi. Oqibatda butun Yevropada namoyishlar tinchimayapti.

Gretsiyadan Bolgariyaga gaz quvurini ushbu mamlakatlar bosh vazirlari 8 iyul kuni ochib berishdi. U Bolgariyaga Rossiyaning gaz blokadasi oqibatlarini yumshatishda yordam berishi mumkin. Foto: EPA

Rus gazi o‘rnini nima bosa oladi?

Rossiya gazi o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan yagona vosita – suyultirilgan gazdir (propan). Chunki uni dengizda tankerlar orqali tashish mumkin. Bunday gazning asosiy ishlab chiqaruvchisi Qatar va AQSh hisoblanadi, ammo ular ham gazni cheklangan miqdorda suyultirib chiqarishadi. Yevropa 2026 yilga borib suyultirilgan gaz importini ikki baravarga oshirish orqali o‘z ehtiyojining 40 foizini qondirishi mumkin, ammo Rossiya gazni uzib qo‘ysa, bu ham yetmay qoladi.

Energetik tadqiqotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi Bruegel markazi tahlillariga ko‘ra, Yevropa uchun eng to‘g‘ri yo‘l gazga bo‘lgan talabni kamaytirish, ya’ni energiyani tejash. Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa davlatlari yaqin 10 oy ichida gazga bo‘lgan talabni 2019-2021 yillar oralig‘idagi talabga qaraganda 15 foizgacha kamaytira olsa, ular «Gazprom» beradigan gazsiz ham amallashlari mumkin.

Markaz ekspertlari hisoblashicha, ittifoqning g‘arb va janubdagi davlatlari umuman energetikani iqtisod qilmasa ham bo‘ladi, ba’zi davlatlar esa yuqoridagi natijaga erishish uchun energiya iste’molini 50 foizgacha kamaytirishiga to‘g‘ri keladi. Bunday nomuvofiqlik esa YeI davlatlari birgalikda chora-tadbir ishlab chiqishini talab qiladi.

«Shimoliy oqim» profilaktika sabab yopilishidan avval ham bu o‘tkazgichdan gaz kelishi ancha qisqargandi. «Turk oqimi» esa 21-26 iyun kunlarida 5 kun ta’mirda bo‘lib, ishlamadi. Rossiya barcha uzilishlarga texnik nosozlik sabab bo‘layotganini aytmoqda. Monopolligidan ilhomlangan Rossiya Yevropa davlatlariga gaz uchun pulni Rossiya banki orqali rublga konvertatsiya qilib to‘lashni talab qila boshlagan. Polsha, Finlandiya va Bolgariya kabi bu talabga ko‘nmagan davlatlar uchun gaz uzib qo‘yildi.

O‘tgan haftada Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropada energetika inqirozi bundan ham yomonroq bo‘lishini aytib, tahdid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat fojiali darajagacha yetib borishi mumkin. «Hozirda qo‘llanayotgan sanksiya siyosati yanada og‘ir ahvolga olib kelishi mumkin. Bo‘rttirishsiz aytishim mumkinki, energetika bozoridagi vaziyat fojiali darajagacha borishi mumkin», degandi Putin.

Sovuq basseynlar va qorong‘i ko‘chalar

Yevropada allaqachon Putin hazillashmayotganini tushunib yetishdi. Ular texnik nosozlik bo‘layotganiga ishonishmaydi, chunki «Gazprom» xohlasa, Ukraina orqali gaz uzatishi mumkin, ammo bunday qilmayapti. Iyun oyi oxirida «Turk oqimi» ta’mirlash uchun yopilganida, Rossiya «Shimoliy oqim» orqali gaz hajmini ko‘paytirishi mumkin edi, lekin bunday qilmagandi.

Aynan mana shu holatdan keyin Yevropa Rossiya gazni to‘liq uzib qo‘yishiga tayyorlanishni boshladi. Hozirgi sur’at bilan gaz olaversa, Yevropa oktyabr – noyabr oylariga borib yerosti gaz zaxiralarini to‘ldira olmaydi. Bu esa koronavirus pandemiyasidan ancha zarar ko‘rgan Yevropa iqtisodiyotiga yanada kuchli zarba bo‘ladi. Hozir Yevropa davlatlarining zaxiralari 61 foizga to‘lgan. Bu o‘tgan yildagiga qaraganda yaxshiroq, bir yil avval «Gazprom» Yevropadagi yerosti zaxiralarini to‘ldirmaslikka qaror qilgandi.

Agar yaqin uch oy ichida YeI davlatlari gaz zaxiralarini 80 foizga to‘ldira olmasa, narxlar maksimal ko‘rsatkichda ko‘tarilib ketadi. Bu esa talab o‘z-o‘zidan tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, zavodlar to‘xtaydi, davlat soliq to‘lovchilar hisobiga energiya sotib olishga majbur bo‘ladi, gaz va elektr soatbay beriladi, energiya yetkazib berishda limitlar kuzatiladi.

Ehtiyoji uchun kerak bo‘ladigan gazning uchdan bir qismini ruslardan sotib oladigan nemislar o‘ziga xos apokalipsisga tayyorlana boshladi. YeI davlatlari orasida Germaniya birinchi bo‘lib ikkinchi darajali energetik xavf e’lon qildi. Uchinchi darajali xavf e’lon qilinsa, hukumat iste’molchilarga energiyani cheklangan miqdorda berish huquqiga ega bo‘ladi.

Yevropaning sanoat motori hisoblangan Germaniya gazning uchdan bir qismini Rossiyadan sotib olardi. Blokada tufayli yil oxirigacha 200 mlrd yevro zarar ko‘rilishi mumkin. Foto: Reuters

Eng yomon ssenariyga tayyorlanishni boshlagan nemislar allaqachon energiyani iqtisod qilmoqda, gazetalar gaz kelishi to‘xtashidan ogohlantirib bong uryapti.

Berlin va Myunxenda jamoat joylaridagi basseynlarda suvni 2 daraja pasaytirib berishmoqda. Kyolnda ko‘cha chiroqlari kechasi soat 23:00 dan keyin 70 foizgacha pasaytirilmoqda. Mamlakatdagi eng yirik ko‘chmas mulk ijaraga beruvchi Vonovia korxonasi mijozlarini kechasi issiqlik maksimum 17 darajagacha yetishidan ogohlantirmoqda.

Agar Rossiya gazni to‘liq uzib qo‘ysa, Germaniyada iqtisodiy faollik 13 foizgacha pasayishi mumkin. Bu esa Germaniya iqtisodi 2022 yilda 200 milliard dollar zarar ko‘radi degani. Eng ko‘p zararni mamlakatdagi avtokonsernlar ko‘radi. Shuningdek, oyna, keramika, oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradiganlar ham katta zarar bilan chiqadi. 5 millionga yaqin nemislar ishsiz qolishi mumkin.

«Germaniya energetikasini birgina davlatga bog‘lab qo‘yib, dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydik. Eng yomoni bu davlat – Rossiya. Biz o‘n yillar davomida rus gaziga bog‘lanib qoldik-da, endi bir necha oy ichida uning ta’siridan chiqib ketishga harakat qilyapmiz», deydi Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek.

Ko‘proq yangiliklar: