O‘zbekistonda benzin narxi oshdi. Bu import qisqargani bilan izohlanmoqda

Iqtisodiyot 21:07 / 08.07.2022 22707

O‘zbekistondagi xususiy shoxobchalarda avtobenzin narxi oshayotgani import qisqargani bilan bog‘liq. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni “O‘zbekneftgaz” benzin ta’minoti bo‘yicha bergan qo‘shimcha izohda ma’lum qilindi.

“Oxirgi kunlarda import qiluvchi korxonalar tomonidan yuqori oktanli avtobenzinning chetdan keltirilishi kamayishi natijasida, Ai-80 rusumli avtobenzinga bo‘lgan talab ortmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, iyul oyining dastlabki 7 kunida yetkazib berilgan AI-80 markali benzin miqdorini o‘tgan hisobot davriga taqqoslaganda, ehtiyoj respublika bo‘yicha 1 193 tonnaga yoki 120 foizga ehtiyoj oshgan.

Ehtiyojning oshishi Andijonda 222 foiz, Toshkent viloyatida 163 foiz, Jizzaxda 155 foiz, Qashqadaryoda 141 foizni tashkil etgan.

“Misol uchun, “UNG Petro” MChJ tomonidan iyun oyida o‘rtacha bir kunda 529 tonna sotilgan bo‘lsa, iyul oyiga kelib o‘rtacha bir kunda 611 tonna yoki 82 tonnaga talab oshdi.

Ai-80 rusumli avtobenzinga talab ortishi natijasida joriy yilning iyul oyida Ai-80 rusumli avtobenzinning birja savdolarida 1 tonna uchun shakllangan narxi 9 366 ming so‘mni tashkil etgan.

Joriy oyda ushbu ko‘rsatkich 10 454 ming so‘mni tashkil etib, iyun oyida o‘rtacha shakllangan narxlarga nisbatan 974 ming so‘mga oshgan. Bu esa o‘z navbatida, xususiy AYoQShlar tomonidan sotiladigan Ai-80 rusumli avtobenzin narxi oshishiga olib keldi.

Hozirgi kunda birja savdolariga qo‘yilayotgan miqdorlar oshirilishi natijasida 1 tonna Ai-80 rusumli avtobenzinning o‘rtacha narxi 9 484 minggacha pasaytirildi.

Iste’molchilarning 65 foizi“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqilgan benzin hisobidan qoplanadi, qolgani boshqa ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar tomonidan qoplanadi”, deyiladi kompaniya relizida.

Qo‘shimcha qilinishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan birja savdolariga Ai-80 rusumli avtobenzin joriy yilning 7 iyul kuni 4 ming tonna, 8 iyul kuni 3 ming tonna qo‘yildi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining benzin ishlab chiqarish uskunalari 110 foiz quvvatda ishlamoqda.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” o‘z shoxobchalarida AI-80 benzini narxi o‘zgarishsiz – 6800 so‘m bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgandi.

So‘nggi yillarda avvaliga yuqori oktanli, keyinroq AI-80 benzini narxi hukumat tomonidan belgilanishiga chek qo‘yildi. Biroq tahlilchilar benzin importi to‘laligicha shaffof va raqobatli emasligi, O‘zbekistonda neft mahsulotlari bo‘yicha hamon erkin bozor yaratilmagani, bozorga yangi o‘yinchilarning kirib kelishiga sun’iy to‘siqlar qo‘yilganini aytib keladi. Natijada esa jahon bozorida neft narxining pasayishi doim ham ichki bozordagi narxlarga ta’sir qilavermaydi.

Ko‘proq yangiliklar: