“Oilaviy daromadimiz shu qo‘ylardan” - Hoji onaning baraka keltirayotgan orasta qo‘chqorlari

Jamiyat 08:10 / 06.07.2022 36873

70 yoshli Mavludaxon hoji ona xonadondagi mo‘’jaz qo‘yxonada doimiy ravishda 20 bosh qo‘chqor parvarishlab keladi.

Qo‘yxona qo‘chqorlarni boqish uchun zarur sharoitlarga ega holda qurilgan ekan. Ikkitadan qo‘y sig‘adigan kabinasifat qo‘ralar jonivorlarning yem-ozuqa yeyishi, suv ichishi, bemalol harakatlana olishi uchun qulay qilib qurilgan.

Qo‘y qiylarining hidi qo‘shnilarga ozor bermasligi hisobga olinib, qo‘ra tomidan 5 metrlik havo tozalagichlar ham o‘rnatilgan.

Qo‘yning kunlik axlati qo‘ra ostidan oqib, go‘ngxonaga tushadi. Shuning uchun qo‘yxonada o‘ziga xos hidni sezmaysiz. Durkun qo‘chqorlar Qurbon hayiti yaqinlashib qolganini yodingizga soladi.

“Qo‘y juda ajoyib jonivor. Tong sahar turib qo‘raga kirganimda hammasi turib salom beradi. Buni ko‘rib kayfiyatim ko‘tariladi. Jonivorlarning pokizaligini ayting...

Oilamiz 8 yildan beri mana shu ish bilan shug‘ullanadi. Bir kunda qo‘ylarga 2-4 kilodan yem, o‘t-xashak beramiz. Uyda farzandlarim, nevaralarim davlat ishlarida ishlaydi. Ishga ketishdan oldin qo‘ylardan xabar olib, parvarishlashadi. Men ularga bosh bo‘lib, yem-suvi vaqtida berilishini nazorat qilib turaman.

Xonadonimiz daromadi mana shu qo‘ylardan. Shu qo‘chqorlarning orqasidan uy-joy qildik, men Hajga borib keldim, to‘ylar qilyapmiz. Mehnat qilgan kam bo‘lmaydi ekan. Qishlog‘imiz odamlariga ham qo‘y boqishni tinmay targ‘ib qilaman. Hozir atrofimizda qo‘y boqadigan ko‘payib qoldi”, deydi Mavludaxon Umrzoqova.

Hoji onaning qo‘chqorlari hech bozorga chiqmagan. Sababi, sifatli boqilgan qo‘y va novvoslarni xaridori joyidan olib ketadi. Onaning turmushga chiqqan qizlari undan o‘tib ketibdi. Katta qizi xonadonida 40 boshdan ortiq qo‘chqor boqar ekan.

Biz albatta qo‘chqorlardan keladigan daromad bilan qiziqdik.

“Qo‘chqorlarni bozordan yemlashga tayyorini sotib olamiz. Narxi o‘rtacha 2,3 million so‘m atrofida bo‘ladi. Yosh qo‘chqorlarni olgan bilan boqish qiyin: qo‘y nozik, tez kasal bo‘ladi. Shuning uchun kattarog‘ini olamiz. 7-8 oy boqamiz. Qo‘chqorlar yetilib, dumbasi katta bo‘lib, hatto dumbasini ko‘tara olmaydigan bo‘lib ketadi. So‘ng qassoblar o‘zlari kelib, olib ketishadi. 5 million so‘mdan kam sotmaymiz.

Shu zaylda ishimiz davom etaveradi. Yiliga qancha daromad topishimizni o‘zingiz hisoblab olavering.

Mana hozir yana 35 bosh qo‘y uchun joy quryapmiz. Maqsad – daromadni yanada ko‘paytirish. Avvalo, bularning barchasi halol mehnat orqali kelayotgan barakada deb bilaman”, – deydi suhbatdoshimiz.

Oila qo‘ylar uchun yem-ozuqani yozda tayyorlab qo‘yadi. Fermer xo‘jaliklaridan makka poyasi va boshqa xashaklarni ulgurji sotib oladi. 5 xil turdagi yem omborxonada g‘amlab qo‘yilgan.

Xonadondagi tomorqa ham havas qilsa arzigulik. Unda ro‘zg‘or uchun zarur barcha sabzovotlar ekilgan. Yiliga 1 tonna kartoshka olinar ekan.

Hoji ona oilasidagi o‘zbekona tutum va mehnat ortidan kelayotgan farovonlik ko‘pchilikka o‘rnak qilib ko‘rsatishga arziydi.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: