Internetda shifokorlar maxsus kiyimidagi shaxs kichik yoshdagi bolaga jismoniy og‘riq berib, uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. SSV jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu voqea yuzasidan bayonot berdi.
Telegram’da tarqalgan videoda voqea Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada tasvirga olingani aytiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligining aniqlik kiritishicha, videolavhadagi uqalash seansi 38-oilaviy poliklinikada emas, balki ushbu muassasa binosining xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan qismidagi xonalardan birida amalga oshirilgan.
«Massaj muolajasini bajargan shaxs B.Z. bilan suhbatda u mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatga, qolaversa, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega emasligini ma’lum qildi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi», deyiladi rasmiy bayonotda.
SSV matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining B.Z.ning xatti-harakatlari yuzasidan xulosalarini ham taqdim etgan.
Ahrorbek Jo‘rayev, Bolalar ortopediyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor:
– Bolalar ortopediyasi amaliyotida uqalash muolajalari keng qo‘llaniladi va buning qat’iy qoida hamda talablari mavjud. Mazkur jarayonda kasallik turi, bolaning yoshi va holati hisobga olinib, har bir bemorga individual yondashilishi zarur.
Ammo eng muhim talablardan biri uqalash muolajasi chog‘ida kichik yoshli bemorda qo‘rquv bo‘lmasligi shart! Ammo videolavhada bola stress holatida ekanini ko‘rdik. Hatto yonida yaqini o‘tirganiga qaramay, tinimsiz yig‘lab, bezovta bo‘lmoqda. Bu uning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ruhiyatiga ham juda yomon ta’sir ko‘rsatadi. Qisqa qilib aytganda, tibbiyotda bunday uqalash muolajasiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Iskandar Xo‘janov, Bolalar travmatologiyasi bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor:
– Massaj muolajalari ohista boshlanib, yuqori darajaga ko‘tarilgach, yana ohistalik bilan tugashi kerak. Lekin biz videoda buning butunlay aksini ko‘rdik. Bunday holatlarda uqalash muolajasidan so‘ng paylar jarohatlanishi va hatto suyaklar sinishi kuzatilishi mumkin.
Massaj jarayonida og‘riq sindromi paydo bo‘lsa, bu kuchli qo‘rquvni keltirib chiqaradi. Ushbu holat esa keyinchalik zararlangan bo‘g‘imlarning umrbod ishlamay qolishi, ya’ni kontraktura paydo bo‘lishiga olib keladi. Shundan kelib chiqib, videolavhadagi muolaja usulini bugungi kun tibbiyotiga butunlay yot deb hisoblayman.
Muratjan Saliyev, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi:
– Uqalash muolajasi bilim, mahorat va tajriba talab etadi. Shu sababli ota-onalar bunday davolash seanslari uchun aynan shu sohaga ixtisoslashgan professional tibbiyot xodimlariga murojaat qilishlari lozim.
Videolavhadagi xatti-harakatlarga kelsak, bu tibbiy uqalash muolajasi standartlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Gap inson, ayniqsa, jondan aziz farzandlarimiz salomatligi haqida ketar ekan, bu kabi holatlarga aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi, degan fikrdaman.
Ayni paytda holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda va ularning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.