“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev “SOCAR” kompaniyasi rahbari Rovshan Najaf bilan muzokaralar o‘tkazdi

Jamiyat 18:00 / 05.07.2022 13184

“O‘zbekneftgaz” Aj Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Rovshan Najafga avvalo tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Jamiyat faoliyati bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida neft-gaz sohasida istiqbolli hamkorlik va loyihalarni birgalikda amalga oshirish, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli natijalari muhokama qilindi.

Dastlab tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holatini muhokama qildilar va ularni jadallashtirish mexanizmlarini ko‘rib chiqdilar.

Xususan, imzolangan qo‘shma “Yo‘l xarita”lari va kelishuvlarning ijrosi jarayoniga e’tibor qaratildi. Uchrashuvda tomonlar neft-gaz va kimyo sanoatida loyihalarni birgalikda amalga oshirish xususan, texnologiyalar va professional tajriba almashish imkoniyatlariga ham alohida to‘xtalib, loyihalarni birgalikda o‘rganish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi ilmiy tadqiqot va loyiha-qidiruv ishlanmalari bo‘yicha dunyoning yetakchi tashkilotlaridan biri bo‘lgan “NIPI Neftegaz SOCAR” ilmiy tadqiqot institutining xizmatlari va uzoq yillik muvaffaqiyatli faoliyatini, shuningdek, 1959 yilda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini loyihalashda ishtirok etganini alohida ta’kidladi.

Shu bilan birga, “NIPI Neftegaz SOCAR” va “O‘zLITIneftgaz” o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Ozarboyjon delegatsiyasi a’zolari “O‘zbekneftgaz” AJning Modellashtirish markazi va Markaziy ishlab chiqarish-dispetcherlik boshqarmasining yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan ishlari bilan tanishdilar.

Shuningdek, uchrashuv davomida “SOCAR” xodimlarini joylarga chiqib “O‘zbekneftgaz” AJning gaz-kimyosi sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasi bilan tanishtirish, va “SOCAR” kompaniyasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi neft-gaz va neft-gaz-kimyo mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yakunida tomonlar rahbarlari bir-birlariga doimiy qo‘llab-quvvatlash va kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratganliklari uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Ma’lumot uchun: Ozarboyjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (Ozarboyjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi, qisqartirilgan “SOCAR”) neft va gazni qazib olish, qayta ishlash, transportirovka qilish, neft va neft mahsulotlarini ichki va xalqaro bozorlarda sotish, neft va gaz quvurlarini qurish va ulardan foydalanish bilan shug‘ullanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: