Muzlagan ko‘l ustiga qo‘ngan Boeing 707: Kareliyada Janubiy Koreya samolyotiga nega raketa zarbasi berilgandi?

Jahon 12:37 / 02.07.2022 31702

Sobiq ittifoq davrida chegarani buzib o‘tgan ko‘plab xorij samolyotlari urib tushirilgan. Ular orasida fuqaro aviatsiyasiga tegishli yo‘lovchi samolyotlari ham bo‘lgan. 1978 yilda Janubiy Koreyaning Korean Air Lines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 707 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa ham ulardan biri hisoblanadi.

Boshqalardan farqli o‘laroq, bu hodisada faqat ikki kishi halok bo‘ladi. Samolyotga ham uncha zarar yetmaydi. Hodisaning ahamiyatli tomoni, o‘shanda Boeing 707 uchuvchilari yo‘lovchilarni asrab qolish uchun samolyotni muzlagan ko‘l yuzasiga qo‘ndirishga majbur bo‘ladi.

Boeing 707 va parvoz

Kareliyada muz ustiga favqulodda qo‘ngan Boeing 707 1967 yilda ishlab chiqarilgan va 10 yildan oshiq AQShning Pan American aviakompaniyasiga xizmat qilgandi.

Foto: Pikabu.ru

1977 yil samolyotni Korean Air Lines sotib oladi va Seul-Ankorij-Parij yo‘nalishida foydalana boshlaydi.

1978 yil 20 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:40 da Parijdan Seulga qarab parvoz qilish uchun samoga ko‘tarilgan samolyot bortida 12 nafar ekipaj a’zosi va 97 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilardan 5 nafari bolalar edi.

Samolyot Seulga borishdan avval Shimoliy muz okeani tepasidan uchib o‘tib Alyaskadagi Ankorij shahriga qo‘nishi, so‘ng u yerdan Janubiy Koreya poytaxtiga uchishi lozim edi.

O‘sha kuni uchuvchilar giroskopik yarimkompasda yo‘nalishni belgilashda xatolikka yo‘l qo‘yishadi. Natijada samolyot Grenlandiya orolining tepasiga yetganda yo‘nalishdan adashadi va ortga qaytib Kola yarim oroli tepasiga kelib qoladi.

Chegarani buzgan samolyotni qo‘ndirishga urinish

1978 yil 20 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:54 da Murmansk viloyatidagi Ribachiy orolidagi radiolokatsion stansiya yerdan 9 ming metr balandlikda notanish samolyot SSSR havo hududiga kirganini qayd etadi.

Aloqachilar samolyotdagilarga maxsus parolli signal jo‘natishganida u javob bermaydi. Shundan so‘ng ular bu haqda mudofaa vazirligiga xabar berishadi.

Chegarani buzib kirgan samolyot harbiylar tomonidan yuborilgan signalga ham javob bermaydi. Bu paytda u Kola yarim oroli tepasida uchib ketayotgandi. Darhol Murmansk viloyatida joylashgan Afrikanda harbiy aerodromidan Su-15 samolyoti havoga ko‘tariladi.

Birozdan so‘ng Su-15 komandiri shtabga SSSR chegarasini buzib o‘tgan samolyotga iyerogliflar yozilgani haqida xabar beradi.

Keyinchalik Su-15 komandiri Aleksandr Basov o‘zini so‘roq qilgan KGB tergovchilariga shunday degandi:

«Buyruqni bajarayotib men 12-13 minut davomida Boeing 707’ga bir necha marta yaqinlashdim va va xalqaro qoidalar bo‘yicha uning uchuvchilariga qo‘nish lozimligini bildirib signal yubordim. Ammo ular signallarimni e’tiborsiz qoldirishdi».

Shuningdek, Janubiy Koreya samolyoti ekipajiga zudlik bilan ortga qaytish va Finlandiya tomonga o‘tish haqida signal yuboriladi. Ular buni ham bajarishmaydi.

Shundan so‘ng SSSR Havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi qo‘mondoni Su-15 komandiriga chegarani buzib o‘tgan samolyotni urib tushirish haqida buyruq beradi.

Su-15 qiruvchi samolyoti / Foto: archiwum.allegro.pl

Su-15 mansub bo‘lgan 57-aviapolk komandiri qo‘mondonlikka chegarani buzib o‘tgan samolyot harbiy emas, balki fuqaro aviatsiyasiga tegishli ekanini aytib, uni urib tushirish xato bo‘lishi haqida aytadi. Qo‘mondonlik esa chegarani buzgan samolyotni urib tushirish haqidagi buyruqni zudlik bilan bajarishni talab qiladi.

Samolyotga zarba berilishi va muzlagan ko‘lga qo‘nish

1978 yil 20 aprel, mahalliy vaqt bilan soat 21:42 da Su-15 Boeing 707’ni nishonga oladi. Uchirilgan raketa samolyotdagi ikkinchi dvigatelga yaqin joyga tegadi. Shundan so‘ng Boeing 707 uchuvchilari sovet harbiylari samolyotni urib tushirmoqchi bo‘layotganini tushunib yetadi va pastlay boshlaydi.

Boeing 707 pastlashni boshlaganda Su-15 yana ikkita raketa uchiradi, ammo ular samolyotga tegmaydi.

Dastlab parvoz qilgan Su-15ning yonilg‘isi tugagani uchun uning o‘rniga yana ikkita boshqa Su-15 samolyotlari havoga ko‘tariladi. Bu paytda Boeing 707 Kareliyadagi Korpiyarvi ko‘lining muzlagan yuzasiga qo‘nayotgan edi.

Foto: fishki.net

Muzlagan ko‘l ustiga qo‘ngan Boeing 707 darhol sovet harbiylari tomonidan o‘rab olinadi.

Tunda Boeing 707 yo‘lovchilari pastga tushirilib, ularga tibbiy yordam beriladi. Ana shunda raketa bilan zarba berilganda samolyot bortida bo‘lgan 1 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgani, o‘ndan ortiq odam jarohatlangani oydinlashadi. Raketa zarbasi berilganda samolyotning fyuzelyaji teshiladi va uning borti sovib ketib, ayrim yo‘lovchilarni sovuq uradi. Boshqalari esa raketa zarbasi berilgan paytda tekkan temir bo‘laklaridan yaralanadi.

21 aprel kuni ertalab Boeing 707 yo‘lovchilari va ekipaj a’zolarini vertolyotlar yordamida harbiy aerodromga olib borishadi. So‘ng avtobuslar bilan Karelidagi Kem shahriga olib ketishadi. Yo‘lda jarohatlangan yo‘lovchilardan biri vafot etadi.

Rasmiy xabar va hodisaning boshqacha talqin qilinishi

1978 yil 21 aprel kuni kechki payt «Vremya» ko‘rsatuvida hodisa haqida ma’lumot beriladi. Ma’lumotda 20 aprel kuni tunda SSSR chegarasini noma’lum samolyot buzib kirgani, samolyotga yaqin oradagi aerodromga qo‘nish buyrug‘i berilgan bo‘lsa-da, uchuvchilar buyruqqa bo‘ysunmay Kem shahri yaqinidagi muzlagan ko‘lga qo‘ngani aytiladi.

Shuningdek, samolyot qo‘nganidan so‘ng u Janubiy Koreya aviakompaniyasiga tegishli Boeing 707 ekani ma’lum bo‘lgani va holat yuzasidan surishtiruv olib borilayotgani ma’lum qilinadi.

Foto: Gazeta.ru

«Vremya»da Boeing 707’ga raketa bilan zarba berilgani, oqibatda uning yo‘lovchilaridan ikki nafari halok bo‘lgani va o‘ndan oshiq odam jarohatlangani haqida lom-lim deyilmaydi.

Hodisa sodir bo‘lgan kunning ertasi kuni Moskvadan Mudofaa vazirligi va KGB xodimlaridan iborat maxsus guruh Kareliyaga keladi va uchuvchilarni so‘roq qiladi. Oxir-oqibat yo‘lovchi samolyotni urib tushirish haqida buyruq berganlar va va unga raketa yo‘llagan Su-15 uchuvchilarining xatti-harakatlari to‘g‘ri deb topiladi.

Ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarning keyingi taqdiri

1978 yil 22 aprel kuni Boeing 707 ekipaji va yo‘lovchilari avtobus bilan yana harbiy bazaga qaytarib olib kelinadi. U yerda ularni ikkita Tu-134 samolyotiga o‘tkazib Murmansk shahriga olib borishadi. Murmanskdan ular Xelsinkiga jo‘natiladi.

Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari Xelsinkidan AQShning Pan American avikompaniyasiga qarashli Boeing 727 samolyotiga o‘tkaziladi va Janubiy Koreyaga jo‘natiladi.

Samolyotning ikki nafar uchuvchisi – ekipaj komandiri va shturman olib qolinadi. Ular SSSR havo hududini buzib kirishda ayblanadi va KGB tomonidan tergov qilinadi.

Tergovda koreyalik uchuvchilar yo‘nalishdan adashganlarini bilmaganlarini aytishadi. Ular sovet harbiy samolyotlari tomonidan berilgan buyruqlarni eshitganlarini, ammo xalqaro hududda ketayapmiz deb o‘ylab unga bo‘ysunmaganliklarini ma’lum qilishadi.

1978 yil 30 aprel kuni TASS hodisa yuzasidan quyidagicha xabar tarqatadi:

«Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, Janubiy Koreyaga qarashli Boeing 707 samolyoti parvozlar to‘g‘risidagi halqaro huquq va normalarga amal qilmasdan SSSR hududiga kirgan. Shundan so‘ng Boeing 707 ekipaji sovet havo hujumidan mudofaa tizimiga qarashli qiruvchi samolyotlar tomonidan berilgan aerodromga qo‘nish haqidagi buyruqni bajarmagan.

Ekipaj komandiri va shturman sovet harbiy samolyotlaridan berilgan buyruqlarni tushunmaganini bildirib, SSSR oliy soveti prezidiumidan afv so‘ragan. Prezidium Janubiy Koreya fuqarolari bo‘lgan ikki nafar uchuvchini jazolamaslik va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish qarorini qabul qildi».

TASS xabarida ham samolyotga uchta raketa otilgani va ulardan biri nishonga tegib, oqibatda 2 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgani, o‘ndan oshiq odam jarohat olgani haqida hech narsa deyilmaydi.

Uchuvchilar SSSRdan chiqib ketgach «Nyu-York Tayms» gazetasi ulardan intervyu oladi. Intervyuda ular SSSR oliy soveti prezidiumidan afv so‘ramaganlarini, navigatsiya noto‘g‘ri ko‘rsatgani uchun SSSR hududiga kirganlari tufayli o‘zlarini aybdor his qilmasliklarini ma’lum qilishadi.

Ana shu intervyuda uchuvchilar Boeing 707’ga raketa zarbalari berilganini va samolyot zo‘rg‘a omon qolganini gapirib berishadi.

Shuningdek, koreyalik uchuvchilar yaqin aeroportga borguncha samolyotning teshilgan fyuzelyajidan kirgan sovuq yo‘lovchilarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkinligini o‘ylab muzlagan ko‘lga qo‘nishga majbur bo‘lganlarini aytishadi.

SSSR-Janubiy Koreya munosabatlari va tovon puli

O‘sha paytda Sovet-Janubiy Koreya munosabatlari ancha murakkab bo‘lgan. Garchi, Janubiy Koreya davlati 1950-yillarning boshida Koreya yarimorolida sodir bo‘lgan fuqarolar urushidan so‘ng tashkil etilgan bo‘lsa-da, SSSR bu davlatni rasman tan olmagan va ikki o‘rtada diplomatik aloqalar bo‘lmagan.

Ana shunday holatda SSSR Kareliyada muzlagan ko‘lga qo‘ndirilgan samolyotni qo‘yib yuborishi uchun Korean Air Lines aviakompaniyasiga bir qator shartlarni qo‘yadi. Unga ko‘ra aviakompaniya yo‘lovchilarni tashish va ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun SSSRga 100 ming dollar to‘lab berishi kerak edi.

Korean Air Lines aviakompaniyasi nafaqat SSSRga to‘lov to‘lamaslik uchun, balki jabrlangan yo‘lovchilarga ham tovon puli to‘lamaslik uchun samolyotdan voz kechadi. Shundan so‘ng Boeing 707 qismlarga bo‘linib, Moskva viloyatidagi Myachkovo shaharchasiga keltiriladi. U yerda samolyot SSSR Aviatsiya davlat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganiladi.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va Janubiy Koreya SSSRning xatti-harakatlari yuzasidan da’vo qo‘zg‘atmaydi.

Garchi samolyot butunlay urib tushirilmagan va hodisada ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan bo‘lsa-da, xalqaro maydonda SSSR harbiylarining xatti-harakati qattiq qoralab chiqiladi. Aksariyat xalqaro tashkilotlar SSSR harbiylari chegarani buzib kirgan samolyot fuqaro aviatsiyasiga tegishli ekanini bilgan holda unga raketa zarbasi berganini tanqid qiladi.

Janubiy Koreya aviakompaniyasiga tegishli samolyot bilan sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlari sobiq ittifoqda oradan 12 yil o‘tib, 1990 yilda ommaga oshkor etiladi. Jamoatchilik ana o‘shanda samolyotga raketa zarbasi berilganini va ikki kishi halok bo‘lganidan xabar topadi.

Oradan 5 yil o‘tib, 1983 yil 1 sentabr kuni SSSR harbiylari Uzoq Sharqda Janubiy Koreyaga tegishli Boeing 747 samolyotini urib tushirishadi. Bu safar samolyot raketa zarbasi tufayli havoning o‘zida portlab ketadi va uning bortida bo‘lgan 246 nafar yo‘lovchi va 23 nafar ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: