«Futbol o‘ynash uchun bormagan joyim qolmadi» – 24 yoshidayoq faoliyatini yakunlashga majbur bo‘lgan Javlon Mirabdullayev bilan suhbat

Sport 19:53 / 02.07.2022 24094

«Peshonaga yozilgani bo‘lar ekan»

 – Futbolda qolish uchun bormagan joyimiz qolmadi. Nasib qilmagan ekan. Muammo yuragimda edi. Har xil professorlarga ko‘rsatdik, orada bir muddat tuzalgandek bo‘ldim, keyin yana qaytalandi. Keyin esa futbol o‘ynay olmasligimni aytishdi. Buning nima ekanini hamma futbolchilar tushunsa kerak, ichimdan nima o‘tganini o‘zim bilaman, xolos.

Inson o‘z kasbidan ayrilsa, og‘ir botar ekan. Doim qilib yurgan ishimiz, 10 yoshimdan o‘zimni futbolga bag‘ishlagandim. Peshonaga yozilgani bo‘lar ekan, hayot davom etaverarkan. Yana futbol yo‘lini tanladim, murabbiylik kurslarida o‘qidim va mana ishni boshladim. O‘zim tug‘ilgan joy – Bekobodda ishlayapman. Hozirda seleksiya ishlariga javob beryapman va o‘rinbosarlar jamoasida yordamchi murabbiyman.

Yurak kasalligi

– Germaniyaning Myunxen shahriga yiliga 3 martalab bordim. O‘sha vaqtlarda futboldan 1 yil chetda qolib ketdim. Shunga qaramay, bir qator murabbiylardan chaqiruv oldim. O‘sha pauzadan keyin ham futbol o‘ynadim, nemislar faoliyatimni davom ettirishim mumkinligini aytishgandi, ammo kasallik yana qaytalandi. Bunday katta tanaffuslar bilan futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Bu taxlit qaytalanaveradigan bo‘lsa, o‘ynamaganim ma’qul deb o‘yladim.

  Kasallik o‘zimga bilinmaydi, lekin shifokorlar qon aylanishi yaxshi emas deyishadi. Ortiqcha bosim mumkin emas.

Yulduzlik kasalligi

– Yo‘q, bunaqa narsa bo‘lmagan. Futbol o‘ynab yurgan vaqtimda ko‘p jarohat olardim. Asosan, oyoqlarimdan jarohat olardim, ammo yakunda yurakdagi muammo faoliyatimni yakunlashimga sababchi bo‘ldi.

Ha, shunday kasallikka uchraganlar ham bor edi, eshitganmiz. Lekin men mashg‘ulotga kelib, ishimni qilish haqida o‘ylardim. Mashina olganim bilan uni biror marta minmaganman. Jahon chempionatiga borishdan oldin qanday yurgan bo‘lsam, shunday davom etganman. O‘sha chempionatdan keyin asosiy jamoaga 17 yoshimizdanoq chaqiruv ola boshlaganmiz.

To‘g‘ri, oramizdan ko‘pchilik futbol o‘ynab keta olmadi. Lekin bizning yoshimizdagi tengdoshlarimiz Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov kabilarni ko‘rib faxrlanamiz.

O‘sha jamoadagi yigitlarning ko‘pchiligi bilan hali ham munosabatimiz yaxshi. Yaqinda Aleksey Yevstafeyev Toshkentga kelibdi deb eshitdik va yig‘ilmoqchi bo‘ldik, ammo bora olmadim. Temur Hakimov barchamizni chaqirib, yig‘ilmoqchi bo‘lib turibdi.

Foto: Getty Images

Yulduzlik kasali uchun bitta mashinaning o‘zi yetarli emas, nazarimda. Osiyo Chempionlar Ligasida, katta jamoalarda o‘ynasang, buni tushunish mumkin. O‘smirlar futbolida buning iloji yo‘q deb o‘ylayman.

Fikrlarim oldin ham shunday bo‘lgan. Futbol shunday narsaki, siz unga qanday munosabatda bo‘lsangiz, shunday javob qaytaradi.

Yoshi kattalashtirilgan futbolchilar? Men qaysidir jamoadoshimning ismini aytib, uni xafa qilib qo‘yishni xohlamayman, lekin bo‘lgan.

Meksika-2011

– O‘sha yoshimizda Meksikadek joyda o‘ynash hammamiz uchun orzu edi. Atrofimizda bizga nisbatan munosabat o‘zgara boshladi. Bizga qarab ko‘plab ota-onalar bolalarini futbolga bera boshladi. O‘ylaymanki, bizning o‘sha yutug‘imiz O‘zbekistonda yoshlar futboliga katta turtki bo‘ldi.

 O‘sha musobaqadan so‘ng turli agentlar takliflar bilan chiqa boshladi. Oyliklarimiz ko‘tarildi.

«Borussiya Dortmund» ko‘rigidan o‘ta olmagani va «Fortuna»da qolishni istamagani

– Kimdir biladi, kimdir bilmaydi — Jahon chempionatidan so‘ng, Germaniyaga ko‘rikka borib kelganman. Mundial ular bizni ko‘rishiga sabab bo‘lgan. Agentlarim ularga jahon chempionatida o‘ynagan futbolchi ekanim haqida aytgan va ular meni chaqirgan.

Nega qolmadim? Ko‘rikdan o‘ta olmaganman. Futbolimizda saviya pastligi bilinib qolgan. Germaniya qayerda-yu, O‘zbekiston qayerda. Asosan, jismoniy tomonlama kuchsizroq bo‘lganman. Bundan tashqari, ko‘rikka O‘zbekiston chempionatida tanaffus bo‘layotgan, ta’tilda yurgan kezlarim borganman. Albatta, bu bahona bo‘la olmaydi. Ammo ushbu jihat ham biroz ta’sir qildi. Klubdagi barcha yosh toifasidagi jamoalarning tayyorgarligini ko‘rganman, o‘zim esa o‘rinbosarlar tarkibi bilan mashg‘ulot o‘tkazganman.

O‘zimga nisbatan ishonchsizlik bo‘lmagan. Chunki Jahon chempionatida shularga o‘xshagan yigitlar bilan bahs olib borgandim. Lekin avval boshidanoq peshonaga yozilgani bo‘lishiga tayyor holatda borgandim.

Lekin bitta vaziyatda o‘zim xato qilganman. Ikkinchi Bundesliga jamoasi «Fortuna Dyusseldorf»ga olib borishgan. Mashg‘ulotlar paytida arzimagan jarohat olgandim, keyin agentimga ketaman deb turib olganman. Dortmunddagi mashg‘ulotlardan so‘ng, «Fortuna» menga yoqmagandi. Ammo o‘shanda agentim ketmasligimni, aks holda, keyin afsuslanishimni aytgandi. Biroq ko‘nmaganman. O‘zimcha ikkinchi Bundesligada nima qilaman, deb aytgandim. Lekin o‘sha ikkinchi ligasi ham uncha-muncha joyning asosiy divizionidan kuchli edi.

Yo‘qotilgan «oltin avlod» futbolchilari haqida

– Ular o‘smirlar futbolidan professional futbolga o‘tish jarayonida qolib ketdi, deb o‘ylayman. Ruhiy tomondan bunga tayyor bo‘lish kerak. Maydonda yoshi katta futbolchilar so‘kishi mumkin, har qanaqa holat bo‘lishi mumkin. O‘sha to‘siqdan o‘ta olmaydi va faoliyati pastga qarab ketadi: birinchi liga, ikkinchi liga… Agar yengib o‘ta olsa, oxirigacha o‘ynab ketadi. Futbolchining o‘ziga bog‘liq, menimcha.

«Dedovshina» hozir yo‘q. Oldin bo‘lgandir, lekni hozir asosiy jamoada yoshlar o‘ynab yuribdi. Bizning davrimizda ham u qadar katta o‘rin tutmasdi.

Albatta, qiyinchiliklar bo‘lgan, «Bunyodkor»da o‘ynaganman, tarkib juda kuchli edi. Chempion jamoa edi, mening pozitsiyamdagi hammasi milliy jamoada o‘ynaydigan futbolchilar bo‘lgan. Bizni doim to‘g‘ri tushunib, Mirjalol aka ham qo‘llab turardi. Asosiy jamoada ham ko‘p jarohat olardim. Meni ijaraga berib yuborib, moslashishimga katta yordam berishgan va katta futbolga o‘tib olganman. O‘shandan keyin Mirjalol akaning o‘zi va boshqa klub murabbiylari ham chaqira boshlagan.

Foto: O‘FA

«Nasaf»da o‘sha vaqtda ham Ro‘ziqul aka bosh murabbiy edi, doim chaqirardi. Nega bormaganman? «Metallurg»da ijarada o‘ynardim, «Bunyodkor» o‘zimning jamoam edi. Klub rahbariyatining o‘zi aloqaga chiqib, o‘zimizga kelaver deyishgan. Shundan so‘ng, «Nasaf»ga taklif uchun rahmat aytib, rad etganman. «Paxtakor»dan Samvel Babayanning shaxsan o‘zi aloqaga chiqqan.

O‘sha jamoa futbolchilariga keyinchalik yetarlicha e’tibor bo‘lmadi deb o‘ylayman. Mana hozir «Olimpik» klubida olimpiya jamoasining katta qismi yig‘ilib, Superligada o‘ynayapti. Lekin futbol assotsiatsiyasi vakillari o‘sha futbolchilarning jamoalari bilan aloqaga chiqib, o‘sha klublarda o‘ynatish harakatini qilishi kerak. Bizning avlodda ko‘p futbolchilar jahon chempionatida o‘ynab kelgan bo‘lsa ham, asosiy tarkibda o‘ynay olmadi, murabbiylar yoshlarga ishonmasdi. Shuning uchun, ko‘pchiligi zaxirada qolib, chetda qolib ketishdi.

Futboldan tashqari narsalarning zarari masalasida Temur Hakimovning o‘zi yaxshi misol bo‘la oladi. Men ichkilikdan umuman yiroq bo‘lganman. Qizlar bilan gaplashish esa o‘sha yoshimizda hammada bo‘ladigan holat edi, nazarimda. Lekin mana hozir ularning hech biri yo‘q. Ko‘plab jamoadoshlarim bilan tez-tez ko‘rishib turamiz. Hammasi o‘sha davrlarni afsus bilan eslaydi.

Jamoamizda yetakchilar ko‘p edi. O‘sha musobaqada Abbos (Maxsitaliyev) bo‘ldi. Undan keyin ham ko‘p yetakchilar bo‘ldi: Kozak, Iskanderov, Masharipov. Sergeyev bizdan bir yosh katta edi, ammo birga o‘ynardik. Birga o‘sganmiz. 17 yoshlilar mundialidan so‘ng, biz ularga qo‘shilib ketdik.

Qarorlar

– Maslahat beradigan insonlar ko‘p. Akam bor, «Metallurg» rahbari Shavkat aka o‘shanda ham shu yerda ishlardilar, doim to‘g‘ri maslahatlar berib turishardi. Hammasi reja bo‘yicha ketayotgandi, lekin o‘sha muammo barchasiga nuqta qo‘ydi. Bitta-yu bitta xato qarorim – «Fortuna»da qolmaganim bo‘lgan.

Maoshlar

– 7 yilcha avval 20 mln atrofida maosh olardim. Albatta, ko‘tarma pullari ham bo‘lgan. Bu «Bunyodkor»dan boshqa jamoalardagi maosh. «Bunyodkor»da 14 mln maosh olardim, ammo ko‘tarma pullar katta bo‘lgan. Hozir bunaqa narsalar yo‘q bo‘lib ketgan, hammasi oylik bilan kelishiladi. Futbolchilarning maoshi o‘yiniga bog‘lab qo‘yilishiga qarshiman, chunki u baribir mehnat qiladi. Qandaydir bonuslar o‘yinga qarab berilishi mumkin, ammo oylik aniq belgilanishi kerak.

  Futbolchilikdan kechib ketish oson bo‘lmaydi. Moslashish juda qiyin, hech narsa yoqmaydi. Futbolchilarni bilasiz, erkatoyroq bo‘ladi.

  Eng yomoni futbol o‘ynay olmaysiz. Pul va boshqa narsalar ikkinchi darajali. Futboldan keyin unaqa katta pul ololmaysiz. Men uzoqqa bora olmadim va juda katta maoshga o‘ynamadim. Lekin, Xudoga shukr, yetarli, qora qozon qaynashiga yetarli pulim bor.

Boshqa kasbda ishlashimiz qiyin, institutda ham shu sohada o‘qidim, kurslarni ham futbol bo‘yicha tugatdim. Futbolchining hayoti yengil deb o‘ylayman. Qandaydir kabinetda o‘tira olmaydi, og‘ir ish qila olmaydi. Ha, maydonda qiladigan ishi ham qiyin, lekin u bunga o‘rganib ketgan. O‘ziga yoqadigan ish bo‘lgani uchun bilinmaydi. Lekin baribir qiyin ish. Oddiy odam 2 daqiqa katta maydonda yugurib ko‘rsa, biladi. Futbolchi uchun bu doimgi ish. Futbolchilar esa ko‘chadagi hayotga ko‘nika olmaydi. U yerda hech kim sizning cho‘ntagingizga bir-ikki so‘m tiqib qo‘ymaydi. Klub bazasida tayyor joyi bor, ko‘chada bunaqasi yo‘q.

Men u darajada katta bizneslar qilishgacha yetib bora olmadim, faoliyatim tez tugadi. 24-25 yoshda futbolchilikdan ketishga majbur bo‘ldim. Ko‘p narsalar qilib olishga erishgan futbolchilar bor. Lekin men u darajagacha yetib bora olmadim.

Futbolda erishganlarimning ko‘pi sog‘liq ortidan ketdi. Germaniyada davolanishimga ham, taxminan, 30 ming AQSh dollari miqdorida pul ketdi. «Bunyodkor» chipta olib bergan, qolgani o‘zimning yonimdan to‘langan. O‘sha paytda sharoit shunaqa bo‘lganmi yoki boshqa sabab, klub davolanish xarajatlarini qoplab bermagan. O‘sha paytdagi klub rahbari Baxtiyor Boboyev bilan hozirgacha ham aloqalarim yaxshi. To‘g‘risi, nima bo‘lsa ham, tezroq futbol o‘ynab ketishni istaganman. Pulni bo‘lsa topib ololaman deb o‘ylardim. Shuning uchun, ikkilanmay sarflagandim.

Futbolimiz saviyasi

–  Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinlarimizdan hayratdaman. Avvallari, ularga qarshi yoshlar miqyosida qo‘rqmay o‘ynab, bemalol yutardik. Lekin oxirgi 3-4 yilda ularda futbol shu qadar o‘sdiki, nima sababligini ham bilib bo‘lmaydi. Balki hammasi pulga borib taqalar. Arablar erinchoq xalq, futboli ham shunday edi. Mana yapon va koreyslar avvaldan tartibli futbol o‘ynagan. Saudiya Arabistoni esa mana shu so‘nggi yillardagina shunday tizimli futbolga yetib keldi.

Futbolimizda nega oldinga siljish bo‘lmayotganiga o‘zim ham hayronman. Kerak bo‘lsa, har oy murabbiy almashtiryapmiz.

Superliga jamoalari asosiy tarkib futbolchilarining yarmidan ko‘pi – legioner. Futbolchilarimiz individual jihatdan yaxshi, qaysidir ma’noda, ularni jamoaviy o‘yinga birlashtira olmayotgandirmiz, balki. Bizda mentalitet ham shunday, qaysidir futbolchi maydonda o‘ynasa, men ham undan kuchli o‘ynayman, deb o‘ylaymiz. O‘zimda ham shunaqa fikr bo‘lgan. Lekin hasad qilmaslik kerak.

Intizom

– Bizning futbolchilar yarim tun – 2-3gacha ham uxlamaydi. Futbolchi to‘yib uxlashi kerak. 11-12da uxlash kerak. Ertalab nonushta qilish kerak. Bizda esa futbolchilar nonushta va tushlikni birga qiladi. Kunning yarmida turib, ovqatlanib, mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishadi. Shuni to‘g‘ri deb o‘ylashadi. Murabbiylar mashg‘ulotlarga vaqtida kelsa bo‘ldi deb, futbolchilarning o‘ziga qo‘yib beradi. Ko‘pincha murabbiylar mashg‘ulotlargagina keladi, boshqa vaqtda futbolchilar bilan ishi yo‘q.

Bobur Akmalov suhbatlashdi,

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Ko‘proq yangiliklar: