Ukraina TIV Germaniyadagi elchining Bandera haqidagi so‘zlariga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi 

Jahon 08:20 / 01.07.2022 12165

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnikning nemis jurnalisti, YouTube’dagi Jung&Naiv siyosiy shousi asoschisi Tilo Yungga bergan intervyusida ukrainalik millatchi siyosatchi Stepan Banderaning roli haqidagi bayonotlariga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligining bu boradagi bayonoti 30 iyun, payshanba kuni rasmiy saytda e’lon qilindi.

«Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnikning nemis jurnalistiga bergan intervyusida bildirgan fikri o‘ziniki bo‘lib, Ukraina TIV pozitsiyasini aks ettirmaydi», — deyiladi TIV xabarida. 

Melnik intervyu davomida, xususan: «Banderachilarning yuz minglab yahudiylarni o‘ldirganiga hech qanday dalil yo‘q», dedi. «Bu ruslar haligacha targ‘ib qilayotgan afsona, u Germaniya, Polsha va Isroilda qo‘llab-quvvatlanmoqda», dedi diplomat. 

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Andrey Melnikning so‘zlariga aloqasi yo‘qligini bildirdi. «Biz Ukraina va Polsha o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori cho‘qqida ekanligiga ishonchimiz komil», - deya ta’kidladi vazirlik. «Ukraina Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda misli ko‘rilmagan qo‘llab-quvvatlov uchun Polshadan minnatdor. Bizni ajratadigan muammolar yo‘q, chunki Kiyev ham, Varshava ham umumiy muammolar oldida birdamlikni saqlab qolish zarurligini to‘liq anglaydi», - deyiladi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

1930-yillarda Stepan Bandera siyosiy qotilliklarning tashkilotchilaridan biri bo‘lgan bo‘lib, Polshada sudlangan va Ikkinchi jahon urushi boshida ozod qilingan. Ko‘p o‘tmay, Ukraina millatchilari tashkiloti (UMT) Bandera (UMT-B) boshchiligidagi mo‘’tadil va radikal qanotga bo‘lindi. Natsistlar Germaniyasining SSSRga hujumiga tayyorgarlik ko‘rish paytida Banderaning safdoshlari ikkita Ukraina bataloni: «Naxtigal» va «Roland» tarkibida Berlin bilan hamkorlik qila boshladi. 

Natsistlar tomonidan bosib olingan Lvovda ular mustaqil Ukraina davlatini e’lon qildi, unga Bandera boshchilik qilishi kerak edi. O‘sha paytda Stepan Banderaning o‘zi Polshada bo‘lgan, nemis hukumati uni bosib olingan Ukrainaga borishiga ruxsat bermagan. Adolf Hitler Ukraina mustaqilligi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamagan, Bandera hibsga olingan va Zaksenxauzen konslageriga joylashtirilgan hamda u yerda 1944 yilgacha qolgan. Urushdan keyin u Myunxenda yashab, 1959 yil oktabr oyida SSSR KGB agenti Bogdan Stashinskiy tomonidan maxsus sianli kaliyli to‘pponcha bilan o‘ldirilgan. 

SSSR parchalanganidan keyin g‘arbiy Ukrainada Stepan Banderani ulug‘lash paydo bo‘ldi, u yerda muzeylar, yodgorliklar va ko‘chalar uni eslatib turadi. Ukraina markaziy va janubiy mintaqalarining ko‘plab aholisi buni salbiy qabul qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: