Samarqandda mayning fermasi tashkil etib, noqonuniy kriptovaluta ishlab chiqargan elektr tarmoqlari korxonasi xodimi ushlandi

O‘zbekiston 10:07 / 01.07.2022 2359

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, DXX viloyat boshqarmasi, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tumanning Qo‘rg‘on mahallasida yashovchi, tuman elektr tarmoqlari korxonasi elektromontyori bo‘lib ishlab kelayotgan Sh.X. ga tegishli noturar binoning yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulangani shubha uyg‘otgan.

Tadbir davomida, mazkur binoda kriptovaluta ishlab chiqarish uchun noqonuniy mayning ferma tashkil qilingani aniqlangan.

Noturar bino ko‘zdan kechirilganda mayning ferma uchun mo‘ljallangan jami 64 dona “Antminer L3 S9” modelli quvvat manbai, 5 dona server qurilmalari hamda 1 dona wi fi router mavjudligi aniqlanib, ushbu qurilmalar xolislar ishtirokida rasmiylashtirilgan.

Ushbu fermada amalga oshirilgan noqonuniy xatti-harakatlar oqibatida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga Sh.X. tomonidan 1 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani hisoblangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: