Bosh prokuratura San’at va madaniyat institutida qator qonunbuzilish holatlarini aniqladi

O‘zbekiston 14:06 / 01.07.2022 10101

Mahkama e’lon qilgan xabarda aytilishicha, oliygohga o‘qishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilib, qabul jarayonlari shaffofligi ta’minlanmagan.

6 mingdan ortiq abituriyent ijodiy imtihon natijalari videotasvirlari saqlanmagan, ijodiy imtihon topshirgan 92 nafar abituriyent titul varaqalari yuritilmagan va yozma imtihonlar olinmagan, 77 ta abituriyent amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi ta’minlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan.

Oqibatda, ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan 132 nafar talabaning 27 foizi 1-semestr yakuni bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan.

Davlat qabul komissiyasi tomonidan institutga ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha kunduzgi ta’limga qabul qilishga ruxsat etilgan bo‘lsa-da, sirtqi ta’limga ham ayrim talabalar qabul qilingan.

Bundan tashqari, institutning shtatlar jadvaliga 10 ta shtat birliklari ortiqcha kiritilib, 327 mln so‘m asossiz sarflangan, haqiqatda o‘tilmagan 1588 soat darslari uchun 89 mln so‘m to‘lanib, budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: