“Xalq nazorati” platformasi o‘zini oqlayaptimi? – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari bilan intervyu 

O‘zbekiston 15:20 / 30.06.2022 11129

Shu kabi holatlarni ko‘rganda, kimnidir jahli chiqadi, kimdir so‘kinadi, yana kimdir muammoga shunchaki bee’tibor o‘tib ketolmaydi – fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib, unga yechim izlaydi.

Toshkent shahar hokimligi 2021 yil fevral oyida ayni shu kabi muammolarni manzilli aniqlash va yechishni maqsad qilgan “Xalq nazorati” platformasini ishga tushirgan edi.

Xo‘sh, bugungi kunda ilova orqali kutilgan maqsadlarga qanchalik erishilmoqda? “Xalq nazorati” ishonchni oqlayaptimi? Qaysi tuman portal faoliyatiga to‘g‘ri yondashyapti-yu, qay biri e’tiborsiz munosabatda?

Kun.uz muxbiri ayni platforma faoliyati bo‘yicha Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Aleksey Xen bilan intervyu uyushtirdi.

— Aleksey aka, so‘nggi vaqtlarda “Xalq nazorati” platformasi haqida ko‘p gapirilyapti. Masalan, undagi oxirgi reytingga qaraydigan bo‘lsak, ayrim tumanlar yaxshi ishlagan, ayrimlari yomon va yana ayrim tumanlar va’daboz bo‘lib chiqqan. Lekin shunday bo‘lsa-da, hammani ham bu ilovadan xabardor deb bo‘lmaydi. Dastlab, mana shu ilova to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumot bersangiz.

— Prezidentimizning 2020 yil 17 martda “Raqamli Toshkent” dasturi bo‘yicha qarori chiqqandi. Mana shu dastur doirasida “Xalq nazorati” portalini yaratish bo‘yicha shahar hokimiyatiga topshiriq ham berilgan edi. Shundan keyin, bu vazifani bajarishga Raqamli rivojlanish departamenti mas’ul etib belgilandi va shu departamentning kuchi bilan portal tashkil qilindi.

Hozirga kelib bu portalning faoliyat yuritayotganiga bir yildan oshdi. Uning boshqa portallardan farqi 3 ta jihatdan iborat.

Birinchisi – ortiqcha byurokratiyadan xoli. Deylik, portal – mobil ilova. Istalgan odam shahar infratuzilmasi, qurilish yoki obodonlashtirish tizimi bo‘yicha qandaydir kamchilikni ko‘rsa, ilova orqali suratga oladi va avtomatik ravishda manzilini ko‘rsatadi hamda qisqacha izoh beradi. Bu yerdagi asosiy yo‘nalishlar – qurilish, obodonlashtirish hamda shahar infratuzilmasi hisoblanadi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, bu – insonlarning shaxsiy muammosi bilan shug‘ullanadigan portal emas. Aynan shahar muammosi bilan bog‘liq ishlarga mas’ul hisoblanadi.

Demak, birinchi afzalligi – ortiqcha byurokratik jarayonlarning kamaygani. Fuqarolar muammoni suratga oladi, avtomatik ravishda qayerda joylashganini aniqlaydi va qisqacha izohdan keyin murojaat tegishli mutasaddiga avtomatik yuboriladi. Ortiqcha jarayonlar yo‘q.

Keyingi farqi – yuborilgan murojaatni fuqarolarning o‘zi nazorat qilishidir. Qilingan ishlardan aholi norozi bo‘lsa yoki unga mas’ul ijrochi ishni bajarmasdan, “qachondir bajaramiz”  deb xat bergan bo‘lsa, fuqaro rad etishi mumkin. Masalan, odamlar “roziman” degan maxsus tugmani bosmagunicha, masala hal bo‘lmaydi. Haqiqatan, joyiga chiqib, ishlar qilinganini ko‘rganidan keyin, tugma bosilsa, masala hal bo‘lgan sanaladi.

— Tizimning ishlashi va murojaatlar natijadorligi qanday nazorat qilib boriladi?

— Boshida tizimni joriy qilganimizda, murojaatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tuman hokimliklariga borar edi. Bu jarayonda masalalar tumanlarga yetib boradi va hal qilinadi, deb o‘ylagan edik. Lekin bunday bo‘lmadi. Sababi hokimlikdagilarning ham ishi juda ko‘p, bu yangi tizim hisoblanadi. Portalni o‘rganish uchun vaqt kerak. Keyin alohida bitta moderatorlik guruhini tashkil qildik. Shu bosimni, ya’ni ishlashdagi bosimni mazkur guruh o‘z bo‘yniga oldi. Jarayonni kuzatish, nazorat qilish, bajarilishi qanday va shularga muvofiq hisobotini yaratish – bularning barchasini shu guruh amalga oshiradi.

“Xalq nazorati” portali 7 ta asosiy parametrdan iborat. Shu 7 ta parametr bo‘yicha Toshkent shahar hokimiyati ishlarni baholaydi.

Birinchi parametr – qancha murojaatlar bajarilganidir. Bu – eng asosiy parametrdir.

Ikkinchi parametr – aholining faolligi. Toshkent shahrida tumanlarning maydoni, aholi zichligi har xil. Shuni hisobga olgan holda faollik parametrini chiqarganmiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: