Surxondaryoda «Chag‘oniyon» tarixi davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etiladi 

O‘zbekiston 07:29 / 30.06.2022 3655

Vazirlar Mahkamasining “Chag‘oniyon” tarixi davlat muzey-qo‘riqxonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Hunarmandlar uyushmasining:

  • Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tarkibida davlat muassasasi shaklidagi “Chag‘oniyon” tarixi davlat muzey-qo‘riqxonasini tashkil etish;
  • Denov shahri Mustaqillik ko‘chasidagi Said Otaliq me’moriy majmuasi va Chag‘oniyon ko‘chasidagi Denov qal’asini muzey-qo‘riqxonaga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

Surxondaryo viloyati Denov shahri Mustaqillik ko‘chasidagi Said Otaliq me’moriy majmuasi ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilgan.

Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi va Surxondaryo viloyati hokimligi ko‘rsatilgan bino va inshootlarni tegishli hududi bilan birgalikda topshirish, muzey-qo‘riqxona esa qabul qilib olish choralarini ko‘radi.

Quyidagilar muzey-qo‘riqxona asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • majmua badiiy, ilmiy va tarixiy konsepsiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
  • muzey-qo‘riqxona fondini surxon vohasi tarixi, madaniyati va etnografiyasi, dastlabki ko‘rinishi va o‘sha davr muhitini aks ettiruvchi qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar hisobidan shakllantirish;
  • muzey ekspozitsiyasi mavzu yo‘nalishlarini chuqur o‘ylangan, ilmiy asoslangan aniq reja bo‘yicha shakllantirish va uni eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etish;
  • mustaqillik yillarida tiklangan Surxon vohasi ko‘hna va boy milliy hunarmandchilik tarixi, bugungi kungacha saqlanib qolgan o‘ziga xos maktablari an’analari hamda amaliy san’at va hunarmandchilik asarlarini asrash, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, ilmiy o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish, bu borada yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida Said Otaliq me’moriy majmuasi 2 qavatida hunarmandlar markazini tashkil etish;
  • majmuadagi obektlarda madaniy-ma’rifiy, etnografik tadbirlar, ilmiy anjumanlar, festivallar, tanlovlar, yarmarkalar, sayillar tashkil etish;
  • majmua tarixiy ko‘rinishini saqlagan holda hududda zarur infratuzilmani shakllantirish, xizmat turini kengaytirish va sifatini oshirish, bu yerda dam olish va mazmunli hordiq chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, majmuani madaniy etnografik turistik markazga aylantirish;
  • majmuada mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va ular natijalaridan jamoatchilikni xabardor qilib borish.
Ko‘proq yangiliklar: