Shvetsiya va Finlandiya NATOga kirish uchun zimmalariga olgan majburiyatlarni bajarishi shart – Erdo‘g‘an

Jahon 22:18 / 30.06.2022 10058

NATOning barcha mamlakatlari terrorizmga nisbatan yagona va mustahkam pozitsiyani egallashi va bu yovuzlikka qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirishi kerak, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

«NATO bloki terrorizmning har qanday shakliga qarshi kurashda qat’iyat ko‘rsatishi zarur. Bu qat’iyat qog‘ozda emas, balki real harakatlarda namoyon bo‘lishi kerak», - dedi Turkiya rahbari. 

U Turkiya 40 yildan buyon Kurdiston ishchi partiyasi tashkiloti ayirmachilariga qarshi kurash olib borayotganini eslatib o‘tdi.

«Turkiyaning minglab o‘g‘il-qizlari terrorchilar bilan kurashda halok bo‘ldi. Bizda kutishga toqat va vaqt qolmadi. Jarayon cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymaymiz», - deb ta’kidladi Erdo‘g‘an.

NATO kengayishi mavzusiga to‘xtalar ekan, u «Shvetsiya va Finlandiya bilan uch tomonlama deklaratsiyaning imzolanishi Turkiya va turk xalqining diplomatik g‘alabasi» bo‘lganini aytdi.

Erdo‘g‘an Shvetsiya erishilgan kelishuv doirasida 72 nafar terrorchini Turkiyaga topshirishga va’da berganini ma’lum qildi.

«Agar Skandinaviya mamlakatlarining arizalari Turkiya parlamenti tomonidan ma’qullanmaydigan bo‘lsa, NATOga qabul qilish jarayoni yakunlanmaydi. Shu bois Finlandiya va Shvetsiya majburiyatlarini bajarishi kerak. Bu mamlakatlar Kurdiston ishchi partiyasi, YPG va FETÖ terrorchilariga eshiklarini yopishi kerak. Milliy qonunchiliklariga zarur o‘zgartirishlar kiritishi lozim. Agar bular bajarilmasa, xafa bo‘lishmasin. Biz tegishli choralarni ko‘ramiz. Agar bu aytilganlar bajarilmaydigan bo‘lsa, mazkur masala Turkiya parlamentida muhokama qilinmaydi», - dedi Erdo‘g‘an. 

28 iyun kuni Madridda Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya Anqaraning xavotirlari hisobga olingan holda xavfsizlik sohasidagi memorandumni imzoladi. Turkiya o‘z navbatida, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga nisbatan e’tirozidan voz kechdi.

Ko‘proq yangiliklar: