Samarqandda YPX xodimlari qarshilik ko‘rsatgan haydovchiga elektroshoker qo‘lladi

O‘zbekiston 21:14 / 30.06.2022 6726

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 31 may kuni soat 08:35da viloyat IIB YPXning ikki nafar inspektori Past Darg‘om tumanida joylashgan «Juma dehqon bozori» oldida 3.27 yo‘l belgisi ta’siri ostiga qo‘yilgan transport vositalarini planshet moslamasiga rasmga tushirayotganda ularning yoniga shu tumanda yashovchi fuqaro A.Ch. kelib, «nima sababdan mashinamni fotosuratga olding?» deb tortishgan.

Tortishuv davomida A.Ch. inspektorlardan birining pogonini yulgan va uni urib tan jarohati yetkazgan.

Shundan so‘ng fuqaro A.Ch. tomonidan sodir etilayotgan qarshilik holatini to‘xtatish uchun inspektorlardan biri xizmatda foydalanish uchun berilgan elektroshoker moslamasini fuqaroning chap yelka sohasiga qo‘llagan.

Past Darg‘om tumani tibbiyot birlashmasining shu kundagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro A.Ch.ning chap qo‘l yelka qismida teri usti qizarishi jarohati mavjudligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Pastdarg‘om tuman prokuraturasining xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqidagi xati va IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasining ma’lumotnomasi asosida viloyat IIB YHXB tomonidan 7 iyun kuni xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida RSTEIAM Samarqand filiali STE bo‘limining 1 iyun kunidagi 1399-son ekspert xulosasiga ko‘ra, YPX inspektorining tanasida turli darajadagi tan jarohatlari borligi va ular o‘tmas qattiq jismlar ta’sirida yetkazilgani, ushbu jarohatlar “yengil sog‘liq buzilishiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari” guruhiga kirishi, yetkazilgan vaqti 31 may kuniga to‘g‘ri kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Xizmat tekshiruvi davomida, YPX inspektorlari IIVning tegishli buyruq talablari asosida harakat qilgani bo‘yicha xulosa qilinib, xulosa va to‘plangan hujjatlar Past Darg‘om tumani prokuraturasiga yuborilgan.

2022 yil 7 iyun kuni fuqaro A.Ch.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq, Samarqand shahrida PPX xodimlari xorijlik sayyohlarni tungi vaqtda yurgani uchun to‘xtatib, pasportlarini ko‘rsatishganiga qaramay IIBga olib borgan, bunga majburlash uchun elektroshoker qo‘llagandi.

Ushbu hodisa omma orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan va oxir-oqibat sayyohlarga elektroshoker qo‘llagan ikki nafar PPX xodimi ishdan olinib, ularning rahbarlariga intizomiy jazo choralari qo‘llangandi.

Ko‘proq yangiliklar: