Qayta tiklanuvchi elektr energiyasidan foydalanuvchilar uchun kompensatsiya va subsidiyalar beriladi

O‘zbekiston 10:32 / 30.06.2022 6616

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan Shahrisabz shahridagi “Oq Saroy Textile” MChJda quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi tadbirkorlik sub’yektlari mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Tadbirda Qashqadaryo viloyat hokimi Murodjon Azimov ham qatnashdi.

Joriy yilning 10 iyun kuni Prezident raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlariga bag‘ishlab videoselektor o‘tkazilgandi. Ushbu tadbirda sohani rivojlantirish uchun nafaqat ishlab ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, balki iste’molchilarga ham qulayliklar yaratish haqida gap borgandi.

“Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasiga bir qator topshiriqlar berildi. Xususan, tadbirkorlik sub’yektlari va keng aholi qatlami o‘rtasida muqobil elektr energiyasi, tejovchi isitish tizimlaridan samarali foydalanishni targ‘ib qilish maqsad qilindi. Mana, birinchi ko‘rgazmamizni Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda boshladik.

Ushbu seminarlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita iste’molchilarni uchrashtirishga e’tibor beryapmiz. O‘rtada vositachilar bo‘lmasa, mahsulot tannarxi ko‘tarilib ketishining oldi olinadi. Bundan tashqari, muqobil energiyadan foydalanuvchilar uchun kompensatsiya va subsidiyalar ham ajratish kafolatlanyapti”, dedi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Farhod Toshpo‘latov.

Ko‘rgazmada tuman-shahar hokimlari, ularning yordamchilari, shuningdek, Shahrisabz shahriga yaqin hududlar, Kitob, Chiroqchi, Shahrisabz hamda Qamashi tumanlaridagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar rahbarlari qatnashdi.

Tadbirda ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi 25 ta tadbirkorlik sub’yekti o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Xuddi shunday ko‘rgazmalar barcha viloyatlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (T)

Ko‘proq yangiliklar: