O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyati yangi aviakompaniya tashkil qilinayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi

O‘zbekiston 08:41 / 30.06.2022 6744

Qayd etilishicha, internetda O‘zbekistonda yangi «Panorama Airways» aviakompaniyasi tashkil etilgani va tez orada Airbus-320 va Boeing-777 samolyotlarida parvozlarni amalga oshirishi haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Fuqaro aviatsiyasida havo kemalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday faoliyatni amalga oshirish uchun, O‘zbekiston Havo kodeksi 44-moddasiga hamda Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 1 martdagi 58-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasida havo kemalari ekspluatanti sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom» talablariga muvofiq har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs «O‘zaviatsiya» agentligidan belgilangan tartibda havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olishi shart.

Bildirilishicha, faqatgina havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olgandan keyingina aviakompaniya maqomini olish mumkin.

«O‘zini «Panorama Airways» aviakompaniyasi deb atayotgan tashkilot bugungi kunga qadar «O‘zaviatsiya» agentligiga havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olish uchun ariza va havo kemasini lizingga olgani haqidagi hujjatlarni taqdim etmagan», deyiladi ma’lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: