BMT missiyasi Ukrainaning 30 dan ortiq aholi punktida tinch aholi vakillari o‘ldirilganini tasdiqladi 

Jahon 09:21 / 30.06.2022 9478

BMTning Ukrainadagi inson huquqlari monitoringi missiyasi Kiyev, Chernigov, Xarkov va Sumi oblastlaridagi 30 dan ortiq hududda tinch aholi vakillarining sudsiz qatl etilishi va ommaviy o‘ldirilishi haqidagi xabarlarni tasdiqladi hamda hujjatlashtirib oldi. Bu haqda 29 iyun, chorshanba kuni e’lon qilingan missiya xabarida aytilgan.

Hujjatlashtirilgan holatlar fevral va mart oylarining oxirlarida, bu hududlar Rossiya harbiylari nazorati ostida bo‘lganida sodir bo‘lgan. Birgina Bucha shahrida missiya kamida 50 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilganini hujjatlashtirgan. Qurbonlarning aksariyati erkaklar, biroq ular orasida ayollar va bolalar ham bor. «Jasad qoldiqlarini qayta tiklash, eksgumatsiya qilish va shaxsini aniqlash ishlari hali yakunlanmaganligi sababli, miqyos hali to‘liq baholanmagan», — deyiladi missiya hisobotida. 

27 iyun holatiga ko‘ra, BMT 4731 kishi halok bo‘lganini va yana 5900 kishi yaralanganini tasdiqladi. «Haqiqatda qurbonlar soni ancha yuqori, chunki bu raqamlarga faqat missiya aniq tasdiqlay olgan holatlar kiradi», deyiladi xabarda. Missiya, shuningdek, 248 fuqaroni o‘g‘irlash holatlarini tasdiqladi, ularning aksariyati qiynoqqa solingan, g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlangan va hatto o‘ldirilgan. 

Ukraina Rossiya askarlari tomonidan sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlarni tekshirishda davom etmoqda. Iyun oyida BMT inson huquqlari kengashi tomonidan tuzilgan xalqaro tergov komissiyasi ilk bor mamlakatga tashrif buyurdi. Komissiya, birinchi navbatda, fevral oyining oxirida va mart oyida Kiyev, Bucha, Irpen, Xarkov va Sumida sodir bo‘lgan voqealarni o‘rgandi. 

«Hozirgi bosqichda biz hodisalarning huquqiy ta’rifi bo‘yicha hech qanday xulosa chiqara olmaymiz yoki izoh bera olmaymiz. Biroq, joylardan olingan ma’lumotlar qo‘shimcha tasdiqlanishi sharti bilan, xalqaro huquq va inson huquqlarining jiddiy buzilishi, xalqaro gumanitar huquq va hatto harbiy jinoyatlar hamda insoniyatga qarshi jinoyatlar fakti e’lon qilinishi mumkin», dedi komissiya rahbari, Ruanda bo‘yicha Xalqaro tribunalni boshqargan norvegiyalik sudya Erik Myose tashrifdan so‘ng. 

Komissiya o‘zining dastlabki hisobotini sentabr oyida Ukrainaga yana bir necha tashrifidan so‘ng BMT inson huquqlari kengashiga yuborishi kerak. Yakuniy hisobot 2023 yil mart oyida taqdim etiladi. Ko‘pgina Yevropa mamlakatlari, jumladan Germaniya rasmiylari o‘zlarining tergovlarini boshladi. Tergovni Ukrainaning o‘zi va Haagadagi Xalqaro jinoiy sud ham olib boryapti. 

Ko‘proq yangiliklar: