Belarusda Rossiya harbiy texnikasi olib o‘tilishiga qarshi chiqqan «temiryo‘l partizanlari» o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin

Jahon 08:26 / 30.06.2022 21384

Belarus Tergov qo‘mitasi 29 iyun, chorshanba kuni «temiryo‘l partizanlari» deb atalgan shaxslar – Belarus temiryo‘llarida Ukrainadagi urushda qatnashish uchun olib ketilayotgan Rossiya harbiy texnikasi ortilgan vagonlarga qarshi sabotaj uyushtirgan faollarning birinchi ishi bo‘yicha tergov yakunlangani haqida e’lon qildi. Ayblanuvchilar temiryo‘lda terrorchilikda ayblanmoqda, deb xabar berdi huquqni muhofaza qiluvchi organ matbuot xizmati.

«Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida Svetlogorsk shahrida yashovchi 29 yoshli shaxs o‘z tashabbusi bilan «Peramoga» ekstremistik tuzilmalariga qo‘shilgan bo‘lib, Gomel oblasti hududidagi temiryo‘l infratuzilmasini buzish bo‘yicha vazifa olgan», deb xabar berdi Belarus Tergov qo‘mitasi. 

Bu ishda yana ikki kishi ishtirok etmoqda. Tergov materiallariga ko‘ra, ushbu shaxslar pul evaziga piyodalar va transport vositalarining xavfsiz o‘tishini ta’minlaydigan jihozlar o‘rnatilgan reley shkafiga o‘t qo‘ygan. Xavfsizlik xodimlari ma’lumotlariga ko‘ra, zarar taxminan 55 ming Belarus rubli (16 ming dollardan ortiq)ni tashkil etgan. Ayblanuvchilar o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

«Nasha Niva» nashri ayblanuvchilar ismlarini e’lon qildi - Denis Dikun, Dmitriy Ravich va Oleg Molchanov. Ulardan birining ukasi – Dmitriy Dikun akasining harakatini «Ukrainaga hech bo‘lmaganda qandaydir yordam berishga harakat qilgani» bilan izohladi. 

Ukrainada urush boshlanganidan keyin, BYPOL tashabbusi belaruslarni Rossiya harbiy texnikasi ortilgan poyezdlar harakatlanayotgan temiryo‘llarni to‘sib qo‘yishga chaqirganida, Belarusda signal beruvchi reley shkaflarini yo‘q qilish holatlari ko‘paydi. Tergov doirasida bir necha o‘nlab kishilar qo‘lga olindi. 

Ko‘proq yangiliklar: