“Tonirovka” uchun pul to‘lab qo‘yganlar “kuydi”

O‘zbekiston 18:59 / 29.06.2022 45588

O‘zbekistonda 1 iyuldan boshlab mashinalarning orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma talab etilmaydigan bo‘ldi. Old yon oynalarni qoraytirish ruxsatnomasi narxi esa 6 baravarga arzonlashdi. Bu borada tegishli prezident qarori e’lon qilindi.

Bu yangilikdan hamma birdek xursand bo‘ldi deyish qiyin: o‘tgan yaqin haftalarda “tonirovka” arzonlashishi yoki butkul tekin bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlarga qaramay, ruxsatnoma sotib olganlarning afsusini tushunish mumkin, chunki bunday gap-so‘zlar avvalgi yillari ham bo‘lgan va ko‘p narsa o‘zgarmay qolgandi. Endilikda ularni bitta savol qiziqtirmoqda: to‘langan pul qaytarib berilishi mumkinmi?

Bu savolga tegishli normativ hujjatlardan javob izlab ko‘ramiz.

Prezidentning “Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori joriy yil 28 iyun kuni imzolangan bo‘lsa-da, uning aynan “tonirovka”ga oid qismi 2022 yil 1 iyuldan kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Demak, “tonirovka” bo‘yicha yangilik 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi va undan avvalgi amalga oshirilgan yuridik harakatlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Ta’kidlash lozim, avtooynalarni qoraytirishga oid amaldagi talab 30 iyun kuni 23:59 ga qadar saqlanib qoladi. Bu orqa yon oynalarni tegishli ruxsatnomani olmasdan tonirovka o‘rnatganlarga ham ma’muriy chora ko‘rish mumkinligini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, ruxsatnoma uchun to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi. 1 iyulgacha orqa yon oynalarni noqonuniy qoraytirib qo‘lga tushgan haydovchilar omadi chopmagan taqdirda 7,5 mln so‘m (15 kun ichida to‘lansa, 5 mln 250 ming so‘m) jarimaga tortiladi.

Bu – amaldagi ruxsatnomasi muddati 29 iyun soat 23:59da tugagan va uni uzaytirmaganlarga ham taalluqli. Bunday haydovchilar 30 iyun kuni avtomobilini ko‘chaga haydab chiqmaganlari ma’qul.

Ko‘proq yangiliklar: