NATO bosh kotibi Rossiyani xavfsizlikka bevosita tahdid deb atadi

Jahon 14:37 / 29.06.2022 3930

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiyani «xavfsizligimiz uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» deb atadi. Uning 29 iyun, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, Rossiya boshlagan urush o‘n yilliklardagi «eng katta xavfsizlik inqirozi» va NATO o‘z tarixida duch kelgan «eng katta muammo»dir. Stoltenberg NATOning Madriddagi sammitini «tarixiy» deb atadi, chunki bu «sovuq urushdan beri jamoaviy mudofaaning eng katta qayta tuzilishi»ga olib keladi.

Joriy sammitda alyans o‘zining yangi strategik konsepsiyasini taqdim etishi kutilmoqda. «Yangi konsepsiyamiz bizni strategik raqobat davriga olib boradi. Bu alyans Rossiyani xavfsizligimiz uchun eng muhim va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida qabul qilishini yaqqol ko‘rsatib beradi», - dedi Stoltenberg sammit ochilishi oldidan. Ilgari alyans Moskvani «strategik hamkor» sifatida qabul qilgan – 2010 yildan boshlab bu alyans konsepsiyasida mustahkamlangan, deya eslatdi bosh kotib. «Bu biz Madridda kelishib oladigan strategik konsepsiyada bo‘lmaydi», dedi u. 

«Rossiya NATO yillar davomida yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan hamkorlik va muloqotdan uzoqlashdi. Ular muloqot o‘rniga qarama-qarshilikni tanladi. Biz bundan afsusdamiz, lekin, albatta, bu voqelikka javob berishimiz kerak. Biz aynan shunday pozitsiyadamiz. Tiyib turish va mudofaamizni tubdan o‘zgartirish bilan shug‘ullanmoqdamiz», dedi Stoltenberg sammit ochilishida. 

Bosh kotib NATO tezkor harakat qilish kuchlari sonini taxminan 40 mingdan 300 minggacha oshirishini ma’lum qildi. Bu kuchlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan bir necha oydan beri shay holatda edi. Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, sharqiy qanotni himoya qilish alyansning asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. NATOning Sharqiy Yevropadagi bir nechta harbiy guruhlari birdaniga brigada darajasiga qadar kuchaytiriladi va har biri bir necha mingdan iborat taktik guruhlarga aylanadi, dedi Stoltenberg. 

Ko‘proq yangiliklar: