London: Rossiya Kremenchugdagi savdo markazini adashib o‘qqa tutgan bo‘lishi mumkin

Jahon 14:46 / 29.06.2022 7246

Ukrainaning Poltava oblasti Kremenchug shahridagi savdo markaziga Rossiya qo‘shinlarining raketa hujumi, Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, xato tufayli ro‘y bergan bo‘lishi mumkin. «2022 yil 27 iyun kuni Kremenchugdagi savdo markaziga uyushtirilgan raketa hujumi qo‘shni infratuzilma obektiga zarba berishga qaratilgan bo‘lishining real ehtimoli bor», — deyiladi 29 iyun, chorshanba kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining Twitter’dagi xabarida.

Vazirlik eslatishicha, Rossiyaning uzoq masofali zarbalar berishdagi noaniqligi avvallari tinch aholi orasida, jumladan 2022 yil 9 aprelda Kramatorsk temiryo‘l vokzalida ommaviy qurbonlarga olib kelgan. «Rossiyada reja ishlab chiquvchilar, ehtimol, harbiy jihatdan nishonga zarba berish kerakligini ko‘rganida, yuqori darajadagi tavakkalchilikka borishga tayyor», deyiladi ma’lumotda. 

Britaniya razvedkasi fikricha, Rossiya Ukrainaning ilg‘or kuchlar zaxiralarini ta’minlashga to‘sqinlik qilish maqsadida zarba berishda davom etishi deyarli aniq. «Rossiyada zamonaviyroq, aniqroq zarba beruvchi qurollarning yetishmasligi va professional nishonga olishga oid kamchiliklar tinch aholining ko‘proq qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin», - deya ma’lum qildi Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi. 

Kremenchugdagi «Amstor» savdo markaziga raketa tushishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 59 kishi yaralandi, 40 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan, deya xabar berdi Ukraina prezidenti devonxonasi. Kiyev hodisani terrorchilik akti va «fuqarolik obektiga ataylab qilingan hujum» deb atadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi savdo markazi joylashgan hududni o‘qqa tutganini tan oldi. Idoraning ma’lum qilishicha, Rossiya harbiylari Kremenchug yo‘l transporti zavodi hududidagi «AQSh va Yevropa davlatlaridan olingan qurol va o‘q-dorilar» bo‘lgan angarlarga «yuqori aniqlikdagi qurol» bilan zarba bergan. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ularning portlashi «ishlamaydigan savdo markazi»da yong‘inga sabab bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: