Konstitutsiyaviy islohotlar: Tashqi siyosatda nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston 11:32 / 29.06.2022 2214

Xususan, amaldagi Konstitutsiyaning tashqi siyosatga doir tartiblar belgilangan yagona 17-moddasi birinchi qismini quyidagicha to‘ldirish taklif qilinmoqda:

«O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’yektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi».

Ushbu moddaga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan tashqi siyosatga oid ikkita yangi prinsip, xususan «inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish» hamda «davlatlarning hududiy yaxlitligi» kiritilmoqda.

Ushbu normalar Konstitutsiyada inson huquq va manfaatlari va uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash, tashqi siyosatning umume’tirof etilgan prinsiplari va xalqaro shartnomalarda belgilangan qoidalarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev ham Konstitutsiyaning 29 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida Konstitutsiya normalarini hayotga to‘la tatbiq etish hamda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ko‘p ish qilinishi kerakligi haqida aytgan edi.

Bu kabi normalar BMT Nizomi, ushbu tashkilotning Xalqaro huquqning prinsiplari to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi va Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha Konferensiyasining Yakunlovchi Aktida ham mavjud.

Loyihaga ko‘ra, Konstitutsiyaning 17-moddasiga quyidagi yangi qism kiritilmoqda.

«O‘zbekiston barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevarlik tashqi siyosatini olib boradi».

Ushbu norma prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda bergan takliflari asosida kiritilmoqda. Uchrashuvda davlat rahbari «Asosiy qonunimizga O‘zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo, o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan tinchlikparvar va do‘stona siyosat yuritishi, uning tashqi siyosati inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligiga oid prinsip va normalarga asoslanishi haqidagi moddani qo‘shish» bo‘yicha taklif bergan edi.

Bundan tashqari, bu avvalo Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash uchun muhim konstitutsiyaviy asos bo‘ladi. Bu kabi norma BMT Nizomining 2-moddasida ham «Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha A’zolari xalqaro tinchlik, xavfsizlik va adolatni tahdid ostiga qo‘ymaslik uchun o‘zlarining xalqaro nizolarini tinchlik vositalari bilan hal qiladilar», deya alohida ko‘rsatilgan.

Amaldagi Konstitutsiya 17-moddasining so‘nggi qismini o‘zgartirishsiz qoldirish taklif qilinmoqda:

«Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin».

Eslatib o‘tamiz, bundan tashqari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyalarini yangi tahrirda – Konstitutsiyaviy qonun shaklida ishlab chiqishni taklif qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: