«Bunyodkor»da akademiya va stadion direktori o‘zgardi

Sport 12:11 / 29.06.2022 16467

Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida so‘nggi davrda qator yangi loyihalarga qo‘l urilayotgani haqida turli ommaviy axborot vositalarida avval xabar berib o‘tilgan edi.

Kuni kecha «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi, «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Mehriddin Abdullayev «Bunyodkor»ning faoliyatini yanada rivojlantirish borasida mas’ul mutaxassislarga navbatdagi topshiriqlarni berdi.

Yig‘ilishda futbol klubi prezidenti ayniqsa «Bunyodkor»ning bugungi kundagi yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini tanqid ostiga oldi:

«Akademiya faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, tez kunlarda «Bunyodkor» futbol akademiyasida tub islohotlar amalga oshirish jarayonini boshlash kerak. Futbolchilarni tarbiyalash bo‘yicha yangi, bugungi kun talabiga to‘liq javob beradigan, yevropacha futbol andozalariga mos maqsadli dastur ishlab chiqish zarur. Bundan asosiy maqsad – bu orqali akademiya hamda klubning faoliyatini transformatsiya qilish, ya’ni mavjud tizim, shart-sharoitlar va oldingi rivojlanish dasturini qaytadan yangilash, muhitni yaxshilash», —  dedi klub prezidenti.

Foto: Bunyodkor

Malakali murabbiylar, skaut, seleksioner va shu kabi boshqa zamonaviy kadrlar bilan ta’minlanish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olishdan iborat bo‘lgan seleksiya tizimi, futbolchilarning jismoniy tayyorgarlik holati, ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash metodologiyasi, yoshlar orasida adolatli va sog‘lom raqobat yaratish, futbol infratuzilmasi va akademiyaning moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash hamda mavzuga oid boshqa masalalarda sezilarli kamchiliklar kuzatilayotganligi ta’kidlandi. Ularni imkon qadar qisqa fursat ichida to‘liq bartaraf etib, rivojlanishda yuqori o‘sish va samara ko‘rsatish, asosiy jamoaga mahoratli va iqtidorli futbolchilarni tayyorlab berish ko‘rsatkichini, ya’ni akademiyaning foydali ish koeffitsiyentini keskin oshirish «Bunyodkor» akademiyasiga mas’ullar uchun yaqin kelajakdagi eng dolzarb vazifalar ekanligiga katta urg‘u berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti tomonidan tashkiliy masala ko‘rildi hamda 27 iyun kuni «Bunyodkor» futbol akademiyasiga yangi direktor tayinlandi. Ushbu lavozimga yurtimiz futbolidagi ko‘zga ko‘ringan vakillardan bo‘lmish Azizbek Haydarov loyiq topildi. O‘z vaqtida «qaldirg‘ochlar» safida uzoq yillar davomida to‘p tepgan Haydarov endilikda «Bunyodkor» FKda mahoratli futbolchilarni tayyorlash tizimida faoliyat olib boradi.

Foto: Tribuna.uz

O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida esa «Bunyodkor» stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi»ning faoliyatiga oid tanqidiy majlis o‘tkazilgan edi.
Direksiya «Bunyodkor» stadionidagi inshootlarni yaxshi holatda saqlab turgan hamda musobaqalar va o‘yinlar uchun kerakli xonalar va boshqa joylarni yetarli holatda ta’minlay olayotgan bo‘lsa-da, futbol o‘ynash uchun eng dolzarb bo‘lgan jihat – maydonni, mana bir necha mavsumlarki, ko‘ngildagiday darajada tayyorlay olmayotganligini tanqid qilgan edi.

Bosh homiy «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan direksiyaning faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligiga qaramasdan, asosiy masala – maydon va chim holatining yaxshi emasligi ko‘pchilikning, ayniqsa, futbol jamoatchiligining e’tirozlariga sabab bo‘layotgani aytilib, buni yaqindagina o‘tkazilgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi o‘yinlari ham yaqqol ko‘rsatganligi bildirilgandi.
Natijada, 24 iyun kuni «Bunyodkor» stadioniga ham yangi direktor tayinlandi. Bu lavozimni shu kungacha «Nasaf» jamoasining uy arenasi – Qarshidagi «Markaziy» stadionda direktor bo‘lib ishlab kelgan Sherzod Haqberdiyev egalladi.

«Bunyodkor» FK prezidenti Sh.Haqberdiyev oldiga, birinchi navbatda, maydon chimining holatini butunlay hamda talabga javob beradigan qilib yaxshilash vazifasini qo‘ydi. Shuningdek, «Bunyodkor» stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi»ning boshqa yo‘nalishdagi faoliyati ham tahlil qilib chiqilib, zarur xulosalar yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: