UYeFAda yangi qoidalar: «Moliyaviy feyr-pley» endi yo‘q. Nimalar o‘zgaradi?

Sport 14:34 / 28.06.2022 18858

Qariyb bir yarim yil davom etgan pandemiya, uning ortidan Superliga mashmashalari UYeFA uchun ham qaysidir ma’noda ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lgani shubhasiz. Natijada, klublarga qo‘yiladigan moliyaviy talablar, jumladan fair play qoidalarida ham islohotlar amalga oshmoqda. Qisqasi, futbol daromadlarining umumiy xarajatlardan ustun bo‘lishi asosiy yo‘nalish sifatida olingan avvalgi tizim bekor qilinib, uning o‘rniga asosan klublarning transfer xarajatlari va maoshlarni cheklash bilan bog‘liq qator talablar paydo bo‘lmoqda.

Futbol iqtisodiyotidagi eng yaxshi nashrlardan biri SwissRamble sodda til bilan ushbu o‘zgarishlarni bayon qilib berdi. Xo‘sh, asosiy o‘zgarishlar nimadan iborat?

Birinchidan, «moliyaviy feyr-pley» tushunchasi endi yo‘q. Yangi norma «Moliyaviy barqarorlik qoidalari» deb ataladi. Bu tasodif emas. UYeFAdagi avvalgi qoidalar o‘yin haqqoniyligini ta’minlamasdi, albatta, yangilari ham to‘liq buni amalga oshira olmaydi. «Raqobat tengsizligini faqat moliyaviy qoidalar yordamida bartaraf etishning iloji yo‘q. Bu muammoni boshqa o‘lchovlar bilan uyg‘un shaklda yechish lozim. Aynan shuning uchun biz nomni o‘zgartirdik. Fair Play barchaga teng sharoitlarni taqdim etish, degan ma’noni anglatib qolayotgandi», – deya tushuntirdi UYeFA direktori Andrea Traverso.

Foto: Gettyimages.ru/Maja Hitij

Ikkinchidan, endi uch yillik davrdagi maksimal zarar limiti avvalgidek 30 million yevro emas, 90 million yevroga oshirildi. Aslida rasman limit 60 million yevroni tashkil qiladi, shu shartdaki, klub egasi 5 million yevrodan ortiq zararni o‘z yonidan qoplab, ta’sis etsa. Agar klub yaxshi moliyaviy holatda bo‘lsa, uch yilda yana 30 million, ya’ni hammasi bo‘lib 90 million yevro zarar bilan chiqishga «ruxsat beriladi».

Ammo endi infratuzilma, yoshlar va ayollar futboliga qilingan xarajatlar ham inobatga olinadi. Avvalgi qoidada bunday sarflar hisobotdan chetda qolardi.

Uchinchidan, UYeFA endi qarzdorliklar uchun klublarni jazolamaydi. Hatto 2021 yilda bo‘lgani kabi, «Barselona», «Chelsi» yoki «Tottenhem»ning milliardlik qarzlarini ham. Zero yangi qoidalar klub egalarini klubga qarz berishga emas, sarmoya kiritishga undaydi.

To‘rtinchidan, yangi qoidalarning asosiy mezoni shundan iboratki, endi klublar transfer va agentlarga xarajatlar hamda maoshlar uchun daromadning 70 foizini ishlata oladi, xolos. Albatta, futbolchilarni sotishdan keladigan foydani ham ishlatish mumkin. Bu qoida yevrokubokda qatnashadigan ish haqi vedomosti 30 million yevrodan oshgan klublar uchun taalluqlidir. UYeFA top-klublar ushbu limitga moslashishi qiyin ekanini tushungan holda, chegaralarni bosqichma-bosqich kiritmoqda – 2023/24 yillar mavsumida 90 foiz, 2024/25 yillar mavsumida 80 foiz va 2025/26 yilgi mavsumdan boshlabgina 70 foizga tushiriladi.

Bunda maosh deganda faqat erkak jamoalar tarkibi, murabbiy, bundan tashqari, iste’folardan so‘ng to‘lanadigan kompensatsiyalar inobatga olinadi. Odatda, bu to‘lovlar klublardagi umumiy maoshlarning kamida 90 foizini tashkil qiladi.

Darvoqe, 70 foizlik cheklov avval ham bo‘lgan, lekin bu qoidaning buzilishi faqat qo‘shimcha tekshiruvlarga sabab bo‘lardi xolos, jazo uchun asos qilinmasdi.

Eslatib o‘tamiz, transfer xarajatlari birdaniga to‘liq summa shaklida emas, amortizatsiya shaklida hisobotga olinadi, ya’ni futbolchining shartnoma muddatiga sochib yuboriladi. Masalan, bir futbolchi 100 million yevroga sotib olinib, u bilan besh yillik shartnoma tuzilsa, ushbu to‘langan summa 20 milliondan 5 yilga taqsimlanadi. Aytaylik, ushbu futbolchi bir yildan so‘ng, 90 millionga sotib yuborilsa, klub 10 million zarar emas, 10 million foyda qilgan bo‘ladi. Zero sotilish paytida bir yil o‘tgani uchun futbolchining joriy qiymati 80 millionga tushgan bo‘ladi.

Ammo o‘z navbatida, futbolchilar sotilganda kelib tushadigan mablag‘ to‘lig‘icha ushbu moliyaviy yilga yoziladi. Ya’ni birgina yaxshi transfer bilan klub moliyaviy holatini yaxshilab olishi mumkin.

Foto: Gettyimages.ru/Sebastien Muylaert

70 foizlik chegaralar buzilsa, farqning jiddiyligi va so‘nggi to‘rt yillikdagi sakrashlar inobatga olinadi. 10 foiz limitdan chiqilsa, limitdan tashqaridagi summadan 10-25 foiz atrofida, agar 30 foizdan ortiq limitdan chiqilsa, 75-100 foizgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Xo‘sh, agar bu qoidalar hozir ham ishlab kelganda, qaysi klublar qanday holatda bo‘lardi? SwissRamble buni ham hisoblab chiqibdi.

2020/21 mavsumdagi ma’lumotlar olingan, ya’ni o‘shanda pandemiya bo‘lib, tomoshabinsiz o‘tgani, aksariyat klublar katta daromadlardan quruq qolganini ham e’tiborda tutish kerak.

Faqat ikki klub – «Real» va «Bavariya» 70 foizlik limit talabiga javob bera olgan. «Barselona» (109), «Inter» (104) va «PSJ» (102) klublari esa limitdan ham oshib ketgan (Ispaniyada maoshlar bo‘yicha cheklov shundoq ham borligi va natijada kataloniyaliklar Messini qo‘yib yuborishga majbur bo‘lganini eslang).

Foto: Gettyimages.ru/Alexander Hassenstein

«Arsenal» va «Chelsi»da 90 foizdan, «MYu», «Milan», «Yuventus» 80 foizdan, «Atletiko», «Siti», «Liverpul», «Borussiya» va «Tottenhem» esa, 70 foizdan ortgan. Agar 2018/19 yilgi mavsum, ya’ni pandemiyadan oldingi holatga ham qaraydigan bo‘lsak, faqat to‘rt klub 70 foizlik limitdan chiqib ketgan xolos – «Milan» (99 foiz), «Chelsi» (85), «Yuventus» (72) va «Manchester Siti» (71).

Aytish mumkinki, bu ko‘rsatkichga milliy chempionatlarning TV-shartnomalari ham katta ta’sir qiladi. Masalan, 2020/21 yillar mavsumida APL klublari ish haqi va transferlar uchun daromadning 80 foizini sarflashgan. Ispaniyada bu ko‘rsatkich 84, Italiyada 92, Fransiyada esa, umuman 102 foiz (Bu yerda Fransiyadagi soliq tizimi, ya’ni u yerdagi daromad soliqlarining boshqa Yevropa mamlakatlaridan sezilarli ko‘pligini ham e’tiborga olish kerak. Yangi qoidalar ham fransuz klublarini qiynab kelayotgan bu muammoni yechishga qodir emas).

Faqatgina Bundesliga klublari ertagayoq joriy etilsa ham, yangi talablarga tayyor ekanini ko‘rish mumkin. Nemis klublari daromadning faqat 68 foizini yuqorida ko‘rsatilgan xarajatlar uchun sarflar ekan.

Qanday maqsadlarda kiritilayotgan bo‘lmasin, bu tizimning ham boy va kambag‘al klublar o‘rtasidagi farqni kattalashtirishda rol o‘ynashi mumkinligi xavfi mavjud. Masalan, agar 2018/19 yilgi mavsumdagi raqamlar bilan APL klublariga limit qo‘yiladigan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» bir mavsumda transfer va maoshlar uchun 457 million sarflay olar ekan, ayni shu ligada qatnashgan «Haddersfild»da bu raqam atigi 88 millionni tashkil qiladi. Farq sezilarli.

Yana shuni yodda tutish lozimki, ba’zi homiylik shartnomalarining bozor qiymatiga mos emasligi muammosi to‘liq yechimini topgani yo‘q. Bu «lazeyka»dan ko‘pincha «Manchester Siti» va «PSJ» klublari tez-tez foydalanib turishi ma’lum. Klublar «yaqin» kompaniyalar bilan homiylik shartnomalari tuzib, narxni ataylab oshirib ko‘rsatishadi va shu tariqa daromadlarni qog‘ozda shishirib «moliyaviy feyr-pley» qoidalarini chetlab o‘tishadi. Endi qoidalar kengaytirildi – UYeFA nafaqat shartnoma ishtirokchilarining boshqa bitimlarini, balki har bir kelishuvni qamrab olmoqchi, lekin aytish mumkinki, buni amalga oshirish juda qiyin masala.

UYeFAning o‘zi ham tan olib aytayotganidek, yangi qoidalar boy va kambag‘allar o‘rtasidagi masofani qisqartirmaydi, ammo top-klublarni katta qarzlarga botib qolishdan qutqarib, aqlbovar qilmas transferlardan tiyib turadi.

Ko‘proq yangiliklar: