Texas: tashlab ketilgan furadan 46 kishining jasadi topildi

Jahon 11:06 / 28.06.2022 49330

Yong‘in xavfsizligi xizmati vakili xabar qilishicha, 16 kishi, jumladan to‘rt bola shifoxonaga yetkazilgan. Omon qolganlar issiq urishi va uzoq vaqt davomida suvsiz qolishdan aziyat chekkan.

Amerika-Meksika chegarasidan 250 km ichkarida joylashgan San-Antonio kontrabandachilar tranzit marshrutining asosiy punktlaridan sanaladi. San-Antonio Yong‘in xavfsizligi xizmati boshlig‘i Charlz Hudning aytishicha, qutqaruvchilar odam o‘limi haqidagi xabar kelib tushgach, voqea joyiga mahalliy vaqt bilan soat 18:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan yarim tundan og‘ganda) yetib kelishgan. Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari yonida jasad yotgan treylerni aniqlashgan. Ular eshikni ochishganida ichkarida yana ko‘plab jasadlarni ko‘rishgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, yuk mashinasida konditsioner ishlamagan va treyler ichkarisida suv bo‘lmagan.

San-Antonioda hozirda yoz issiq kechmoqda va dushanba kuni harorat 39,4 darajaga chiqqan.

Foto: Reuters

KSAT telekanali xabariga ko‘ra, avtomobil San-Antonio shahri janubi-g‘arbiy qismidagi temiryo‘l yoqasida topilgan. San-Antonio politsiyasi boshlig‘i Uilyam Makmanus tergov federal agentlarga o‘tgani, uch kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan.

Meksika tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard mamlakat konsuli voqea joyiga yo‘l olganini ma’lum qilgan, ammo hozircha qurbonlar qaysi mamlakat fuqarolari ekani tasdiqlanmagan. Texasning respublikachi gubernatori Greg Ebbott odamlar o‘limida AQSh prezidenti Jo Baydenni ayblagan va bu holat uning «ajalvor ochiq chegaralar siyosati» natijasi ekanini aytgan.

Ebbotning raqibi, Demokratik partiya nomzodi Beto O'Rurk kontrabandachilar tarmog‘ini yo‘q qilish uchun tezkor harakatlarga kirishish va buning o‘rniga legal migratsiya uchun imkoniyatlarni kengaytirishni taklif etgan.

Immigratsiya Qo‘shma Shtatlarda bahsli siyosiy masala hisoblanadi, o‘tgan yilda mamlakat chegarasini Meksika orqali kesib o‘tgan rekord miqdorda nolegal migrantlar qo‘lga olingan, ularning aksariyati favqulodda xavfli marshrutlarda harakatlanishgan.

Ko‘proq yangiliklar: