Savdo-sanoat palatasi raisi rektorlik ham qiladi

O‘zbekiston 18:57 / 28.06.2022 6971

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga rektor etib tayinlandi. Bu haqda paxtachilik va to‘qimachilik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Davron Vahobov 1980 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy — 2001 yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutini, 2003 yilda Toshkent iqtisodiyot universitetini, 2007 yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan.

Davron Vahobov joriy yil martida Savdo-sanoat palatasi raisligiga saylangandi. Bunga qadar u «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Yig‘ilishda to‘qimachilik sohasida mutaxassislar tayyorlash, ilm va izlanish bo‘yicha To‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlashi belgilangan.

Institutda yangi o‘quv yilidan:

  • 3 va 4-kurs talabalarini o‘qitishda “dual” ta’lim tizimi joriy qilinadi. Endi, ular haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida to‘qimachilik texnoparki va korxonalarda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar asosida o‘qitiladi;
  • nufuzli xorijiy to‘qimachilik oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 6 ta yo‘nalishda talabalar almashish dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Mutasaddilarga elchilar bilan birga yil yakuniga qadar Turkiya, Koreya va Hindiston kabi ilg‘or tajribaga ega mamlakatlardan 40 nafar malakali o‘qituvchilarni olib kelish topshirildi.

Shu bilan birga, To‘qimachilik texnoparkini sohaga yangi tajriba va innovatsiyani olib kiradigan markazga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Ko‘proq yangiliklar: