NATO tezkor harakat kuchlari sonini oshirmoqchi

Jahon 09:09 / 28.06.2022 12367

NATO NRF tezkor harakatlanish kuchlari sonini 40 mingdan 300 ming askargacha oshiradi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 27 iyun, dushanba kuni Madrid sammiti arafasida tashkilot kuchlari qayta tashkil etilishi haqida ma’lum qildi. «Biz NATOning tezkor harakat kuchlarini o‘zgartiramiz va uning kuchini 300 mingdan ortiq kishiga yetkazamiz», — dedi u. 

Rossiyaning Ukrainadagi urushi fonida NRF bir necha oydan beri jangovar tayyor holatda turibdi. Rejalashtirilgan qayta tuzilish NATOning yuqori shaylikda ko‘proq kuchlarga ega bo‘lish bo‘yicha yangi modelining bir qismidir. Bundan tashqari, kontingent muayyan hududlarga bog‘langan bo‘ladi. Bu, masalan, Germaniya harbiy xizmatchilariga Moskvadan hujum sodir bo‘lgan taqdirda Litva qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash uchun doimiy joylashish imkonini beradi, deya aniqlik kiritdi Dpa agentligi. Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, sharqiy qanotni himoya qilish 30 ta a’zo davlatga ega alyansning asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. 

Yyens Stoltenberg Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishini tasdiqladi. Alyans bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, sammitda ittifoqchilar «Rossiya xavfsizlik, qadriyatlar va qoidalarga asoslangan xalqaro tartib uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ekani»ni ochiq ma’lum qiladi. Ilgari alyans Moskvani «strategik hamkor» sifatida qabul qilgan, deb eslatdi bosh kotib. «Bu biz Madridda kelishib oladigan strategik konsepsiyada bo‘lmaydi», dedi Stoltenberg. 

Avvalroq, 25 fevral kuni NATO Sharqiy Yevropa uchun mudofaa rejalarini faollashtirdi va sharqiy qanotini mustahkamladi. Shu bilan birga, alyans davlatlari yetakchilari bu choralarning barchasi «ogohlantiruvchi, mutanosib va keskinlashuvga olib kelmaydigan» bo‘lishini ta’kidladi. 

Ispaniyaning El País gazetasi manbalari 26 iyun kuni xabar berishicha, yevroatlantika mintaqasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik tahdidlariga javob berish uchun qurol va qo‘shinlarni yollash bo‘yicha «mudofaa va tiyib turish» («Defense and deterrence posture») doktrinasiga tuzatishlar kiritilishi kutilmoqda. 

Nashr suhbatdoshlari, xususan, «ayrim davlatlar alyans sharqidagi hozirgi holatdan jangovar guruhlar formatida brigadalar tuzishga o‘tishni istashini» ta’kidladi. 

Ko‘proq yangiliklar: