«Milliy mahsulotimizga qiziqish kuchaygan» - prezident elchilarga xorijiy brendlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston 17:33 / 28.06.2022 10299

Paxta hosildorligini va uni qayta ishlash hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident O‘zbekistonning xorijdagi elchilarida to‘qimachilik sanoatiga investorlar jalb qilish masalasida tashabbuslar yo‘qligini tanqid qildi. 

«O‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinganidan so‘ng, xorijiy brend va yirik kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqdalar.

Lekin, ochiq aytish kerak, to‘qimachilik sanoatini tashqi bozorlarga olib chiqish, brendlar va yirik korxonalarni jalb qilishda elchixonalar ishlamayapti.

Misol uchun, bizdagi Turkiya, Xitoy, Germaniya kabi boshqa davlatlar elchilari o‘z mamlakati tadbirkorlarining manfaatini himoya qilish uchun vazir, hokim, hatto korxonagacha borishdan charchamaydi.

Lekin, bizning elchilarda bunday tashabbus hali yo‘q!» dedi prezident.

Shu munosabat bilan yil yakuniga qadar:

  • Ispaniya, Germaniya va Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Turkiya, AQShdagi elchilar bilan birga 50 ta xorijiy brendlarni yurtimizga olib kelish;
  • xalqaro ko‘rgazmalarda kamida 30 ta o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi mahsulotini olib chiqib, 50 million dollardan buyurtma olishni ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, brendlarni jalb qilishga:

  • bo‘yalgan trikotaj mato va gazlama eksport qiluvchilarga 10 foizgacha miqdorda subsidiya beriladi;
  • xorijiy brendlar va ularga tayyor mahsulot yetkazib berayotgan mahalliy korxonalarning buyurtmalariga asosan alohida aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, brendlar uchun zarur bo‘lgan furnituralarning 90 foizi import qilinmoqda.

Shuning uchun, mutasaddilarga:

  • bir oy muddatda furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarish dasturini ishlab chiqish;
  • Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida yil yakuniga qadar 4 tadan furnitura korxonalarini ishga tushirish topshirildi.

Prezident tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning Aksessuar va furnitura ishlab chiqaruvchilar uyushmasini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytiriladi

Jumladan, Eksport agentligi tomonidan:

  • eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha aylanma mablag‘ uchun resurslar ularning eksport hajmidan kelib chiqib ajratiladi;
  • korxonalarning xorijda omborxonalarni ijaraga olish xarajatlarini qoplab berish uchun cheklangan maydon 100 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrga oshiriladi. 

Eksportyorlar nomiga ochilgan akkreditivlarni kredit ta’minoti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi. Ya’ni korxona eksport qilgan kundan boshlab o‘z xizmat ko‘rsatuvchi bankidan akkreditivning 80 foizi miqdorida kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Klaster va to‘qimachilik korxonalarining moliyaviy hisobot xalqaro standartlariga o‘tishi qo‘llab-quvvatlanadi.

Bundan buyon moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish xarajatlarining 50 foizgacha qismi Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi.

Respublika komissiyasi tuziladi

Paxta xomashyosi va ip-kalavani qayta ishlashni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov boshchiligida Respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi.

Komissiyaning asosiy vazifasi yuqorida aytib o‘tilgan 9 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish rejasini har bir viloyat, tuman va shahar, qolaversa, klaster kesimida belgilash va ijrosini tashkil etish hisoblanadi.

Klasterlar paxtadan ip-kalavagacha ishlab chiqarish zanjirini joriy etishga mas’ul bo‘ladi.

Agar klasterning o‘zida xohish bo‘lsa, bemalol o‘zi qayta ishlashni to‘liq siklda amalga oshirishi mumkin. 

Bundan buyon, alohida industrial zonalar tashkil qilinib, ularda tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.

Komissiya elchilar va klasterlar bilan birga bu industrial zonalar boshqaruviga chet el kompaniyalarini jalb qilib, nufuzli brendlarni olib keladi.

Yig‘ilishda to‘qimachilik korxonalarini paxta tolasi va ip-kalava bilan uzluksiz ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ichki bozorda tanqislik tufayli paxta tolasining narxi xalqaro birjalardan yuqori bo‘lib, 1 tonnasi 37 million so‘mgacha yetmoqda. Oqibatda 22 mingdan ziyod xodim ishlaydigan 59 ta ip-yigiruv korxonasiga oyiga 25 ming tonna tola yetishmaydi.

Shu bois, Komissiya nazorati ostida:

  • Nyu-York birjasida paxta tolasi narxi keskin oshsa, tola mahalliy birjaga 10 foiz chegirma bilan qo‘yiladi;
  • klasterlar o‘z ehtiyojidan ortiq tolani oyma-oy majburiy birjaga chiqaradi;
  • barcha ip-kalava korxonalari ishlab chiqargan mahsulotning kamida 30 foizini birja orqali sotadi;
  • birjada sotib olingan ip-kalava uchun to‘lovni bank kafolati orqali 3 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etiladi;
  • qayta ishlash quvvatlariga ega bo‘lmagan klasterlarga imtiyozli kredit 14 oyga beriladi (hozir – 24 oy).

Soha uchun soliq va bojxona ma’murchiligi yengillashtiriladi

Bunda, hududlar va sanoat tarmoqlarining eksport salohiyatini oshirish uchun bojxona hududida qayta ishlash tizimi yanada soddalashtiriladi. Xususan:

  • to‘qimachilik sanoatida xomashyoni bojxona hududida qayta ishlashni bojxona to‘lovlari bo‘yicha ta’minotsiz amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • olib kelingan xomashyodan bojxona hududida qayta ishlab chiqarilgan tovarni «eksport» rejimida olib chiqish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, to‘qimachilik sanoati uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan sovitish uskunasi, yigiruv «bochok»lari kabi tovarlar uchun uch yil muddatga bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.

Shu bilan birga, eksport kontraktlari bo‘yicha kelib tushmagan mablag‘lar 5 foizdan oshmasa, ular muddati o‘tgan qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: