Kremenchug, Xarkiv va Slavyanskka raketa zarbalari - o‘nlab qurbonlar va yaradorlar. Urush suratlari

Jahon 13:37 / 28.06.2022 23238

27 iyun kuni rossiyalik harbiylar Poltava oblasti Kremenchug shahridagi savdo markaziga raketa zarbasi yo‘lladi, prezident Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda binoda mingdan ortiq odam bo‘lgan: hozirgacha 18 kishining o‘limi tasdiqlangan, 59 kishi yaralangan, 40 nafar atrofidagi odam bedarak yo‘qolgan. Rossiya Lisichansk va uning atrofini ham o‘qqa tutishda davom etmoqda, Lugansk oblasti rahbari Sergey Gaydayning ma’lum qilishicha, zarbalar natijasida ikki ibodatxona, turar joy binosi va infratuzilma obektlari shikastlangan. Ukraina Rossiya bilan yadroviy xavfsizlik sohasidagi ikki kelishuvni bekor qilganini e’lon qildi. Rossiya tomoni Severodonetskdagi «Azot» zavodi to‘liqligicha «LXR» va Rossiya nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi. RF mudofaa vazirligi 26 iyun kuni Kiyevdagi Shevchenkovskiy rayoniga raketa zarbasi berilganini tan oldi, hududdagi turar joy binosi vayron bo‘lgani uchun Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini aybladi. Xarkiv o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillaridan besh kishi halok bo‘lib, 31 kishi yaralandi.

Quyida urushning 124-kunida Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Mariupol

Yegor Aleyev / TASS

Mariupolda «Yedinya Rossiya» tomonidan gumanitar yordam tarqatilishi. 26 iyun kuni shahar meri maslahatchisi Petro Andryushchenko shaharning Levoberejniy rayonidagi ko‘p qavatli uylardan biri vayron qilinishi oqibatida halok bo‘lgan 100 dan ortiq kishining jasadi topilganini xabar qildi.

Odessa oblasti 

Igor Tkachenko / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya aviazarbalaridan vayron bo‘lgan Mayaki posyolkasi aholisi. Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, 27 iyun kuni Odessa oblasti hududlari bombardimon qilinishi oqibatida olti kishi jabrlangan, ular orasida bir bola ham bor. 

Mayaki posyolkasida Rossiya aviatsiyasi tomonidan vayron qilingan uy oldida turgan bolakay.
Igor Tkachenko / Reuters / Scanpix / LETA

Donbass shimoli 

Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA

«Vostok SOS» tashkiloti ko‘ngillilari baxmutlik 81 yoshli Tamaraga evakuatsiya chog‘ida yordam ko‘rsatmoqda. Baxmut Lisichanskdan 57 kilometr masofada joylashgan. Amerika Urushlarni tadqiq qilish instituti hisobotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Lisichanskdan janubdagi hududlarda yurishni davom ettirmoqda. 

Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Politsiyachilar rossiyalik harbiylarning Slavyanskni o‘qqa tutish vaqtida halok bo‘lgan kishi jasadini avtomobildan chiqarib olmoqda. 27 iyun tongida Slavyansk markazidagi turar joy kvartallari o‘qqa tutildi. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati Pavel Kirilenkoning aniqlik kiritishicha, bir kishi halok bo‘lib, yana bir kishi tan jarohati olgan. 

Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Politsiyachi va feldsher rossiyalik harbiylarning Slavyanskka yo‘llagan zarbasi natijasida yaralangan ayolga tez tibbiy yordam ko‘rsatmoqda. Ukraina qurolli kuchlarining kechki hisobotiga ko‘ra, Rossiya bo‘linmalari Slavyansk yo‘nalishida Barvenkovo va Slavyanskka hujum qilish uchun qulay sharoit hozirlashga urinmoqda. RF qurolli kuchlari Dolgenkogo tomondan Mazanovkaga ham yurish qilmoqchi bo‘lgan, ammo qat’iy qarshilikka uchrab chekingan.

Xarkiv 

Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA

Raketa zarbasidan keyin maktab hovlisida paydo bo‘lgan o‘ra. 27 iyun kuni rossiyalik harbiylar Shimoliy Saltovka, Kiyev va Xarkiv hududlarini o‘qqa tutdi. Ukrain nashrlariga ko‘ra, kamida besh kishi halok bo‘lib, 22 kishi yaralangan, ular orasida besh nafar bola ham bor.

84 yoshli Anna Satanovskaya Xarkivdagi aholi mavzesida rossiyaliklar aviazarbasidan halok bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga aza tutmoqda
Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA
Snaryad parchasidan halok bo‘lgan kishi jasadi yotgan o‘rindiqdan qon dog‘larini yuvib tashlayotgan Liliya
Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA
Tibbiy xodimlar Xarkiv shahridagi ko‘p qavatli uy hovlisida rossiyaliklar zarbasidan halok bo‘lgan tinch aholi vakili jasadini olib ketmoqda. Foto: AP Photo/Andrii Marienko

Kremenchug

Viacheslav Priadko via AP

Rossiya harbiylari raketa zarbasi kelib tushgan «Amstor» savdo markazida chiqqan yong‘in. Poltava oblasti rasmiylariga ko‘ra, hujum vaqti bu yerda mingdan ortiq kishi bo‘lgan. O‘n sakkiz kishi halok bo‘lgan, 59 kishi yaralangan, ularning qariyb yarmi og‘ir ahvolda. 40 kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda.

Kremenchugdagi vayron bo‘lgan savdo markazi hududida ishlayotgan o‘t o‘chiruvchilar
AP Photo/Efrem Lukatsky
Qutqaruvchilar va harbiy xizmatchilar rossiyalik harbiylar raketa zarbasi yo‘llagan savdo markazi hududida ishlashmoqda
Anna Voitenko / Reuters / Scanpix / LETA
Savdo markazi raketa zarbasiga uchrashi natijasida yaralangan juftlik
Anna Voitenko / Reuters / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: