Hokimlarga klasterlar ichki ishiga aralashish taqiqlanadi - prezident

O‘zbekiston 16:43 / 28.06.2022 13571

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida paxta hosildorligini oshirish masalalari muhokama qilingan yig‘ilishda klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi belgilandi.

Avvalo, hokimlarga klasterlarning ichki ish faoliyatiga aralashish taqiqlanadi.

«Klaster o‘z ishi bilan shug‘ullansa, tumanda sanoat, ish o‘rinlari, eksport va daromad bo‘ladi.

Buni tushunmagan hokimlar esa klasterlarni kun davomida majlisma-majlis olib yurish, boshqa ishlarga jalb qilish bilan ovora», dedi prezident.

Yangi klasterlarni tashkil etish tartibiga ham o‘zgartirish kiritiladi.

Bundan buyon bitta tumanda ko‘pi bilan 2 ta klaster tashkil etishga ruxsat beriladi (hozir – 3 tagacha).

Paxtachilik kengashi

Olimlarimiz yaratgan 100 sentnergacha hosil beradigan paxta navlari (Buxoro, Ravnaq, Porloq, Sulton) klasterlarga yetkazilmayapti, dehqon va fermerlarimiz qaysi hosildor urug‘larni ekishni va ularni qayerdan olishni bilmayapti.

So‘nggi yillarda kunduzgi va tungi harorat bir xil bo‘lib qolayotgani, yangi turdagi hashoratlarning ko‘payib borayotgani ushbu sharoitga chidamli navlarni ko‘paytirishni taqozo qilmoqda.

Yig‘ilishda g‘o‘zani o‘g‘itlashni o‘zgartirish, gerbitsid va pestitsidlarni ham tartibga solish vaqti-soati kelgani qayd etilgan.

Shu bois prezident huzurida Innovatsiya vaziri I.Abdurahmonov boshchiligida Paxtachilik kengashi tashkil etilishi belgilandi. Kengash:

  • har yili hosildor va ertapishar navlarni hududlar kesimida ko‘paytirish va ekishni har bir klaster bo‘yicha belgilab beradi;
  • iqlim va harorat o‘zgarishlariga mos bo‘lgan o‘g‘itlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qo‘llashni tartibga oladi;
  • keyingi yillarda hashoratlar eng katta muammo bo‘lishini inobatga olib, ularga qarshi kurashish bo‘yicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi.

Urug‘ tayyorlash sexlari

Yil yakuniga qadar har bir klasterda urug‘chilik, tuproq tahlili va biolaboratoriyalar hamda urug‘ tayyorlash sexlari ishga tushiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida Andijon, Buxoro va Surxondaryoda Paxtachilik instituti va Genomika markazining urug‘chilik va agrotexnologiya korxonalari tashkil qilinadi.

Shuningdek, har bir klaster yil yakuniga qadar tuproq unumdorligini tahlil qilib, yer maydonlari pasportini ishlab chiqishi va hosildorlikni oshirish choralarini belgilab olishi kerakligi ta’kidlandi.

Prezident barcha klasterlar suvni ilm bilan tejab ishlatishi shartligini qayd etdi.

So‘nggi ikki yilda 169 ming gektar paxta maydonlarida tomchilab sug‘orish joriy qilindi. Yil yakuniga qadar 160 ming gektar, kelgusi yilda ham yana shuncha paxta maydonida tomchilatib sug‘orishni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Tomchilatib sug‘orish

Agar tomchitalib sug‘orishni joriy etish sohasida erkin raqobat bo‘lsa, ilm bilan yondashilsa, ushbu texnologiyani joriy etish xarajatini gektariga 15-20 million so‘mga bemalol tushirish mumkin (hozirda 27 million so‘m).

«Lekin, katta fojia – ayrim rahbarlar bu ezgu islohotga o‘ziga yaqin ta’minotchilar va bilimsiz odamlarni aralashtiryapti. Shu orqali korrupsiya boshlangani haqida menda yetarli ma’lumotlar bor», dedi prezident.

Moliya va Suv xo‘jaligi vazirliklariga bir hafta muddatda:

  • yangi ishga tushirilgan elektron portalga hamma ta’minotchilarni kiritish;
  • taklif qilinayotgan suv tejovchi texnologiyalar narxi va xizmatlar sifatini baholab boradigan shaffof tizim yaratish topshirildi.

Bunda eng maqbul shartlar va narxlarni fermerlarning o‘zi tanlaydi.

Ishlab chiqaruvchi esa kamida 3 yil fermerga servis xizmatini ko‘rsatishni kafolatlashi shart.

Umuman, klasterlar hamkor fermerlari bilan birga olgan daromadidan bir qismini jamg‘arib, ichki irrigatsiya tizimini yaxshilashni ham yo‘lga qo‘yishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘proq yangiliklar: