«Haj odamlar uchun qilinmaydi» - Hajga borishdan maqsad va ziyorat odoblari

Jamiyat 20:13 / 28.06.2022 19308

Koronavirus pandemiyasi tufayli 2 yil davomida to‘xtab qolgan Haj ziyorati 2022 yildan boshlab yana jonlandi. Ushbu mavsumda pandemiya hali to‘liq yakunlanmagani tufayli Saudiya hukumati 1 million ziyoratchi qabul qilinishini ma’lum qilgan.

Ayni vaqtda muqaddas shaharlarga deyarli uchib ketib bo‘lgan 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ziyoratchilar Haj amallariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Kun.uz Haj ibodati, uning hikmatlari, hojilarga beriladigan savoblar, Haj qilishdagi niyat hamda ushbu ulug‘ ziyoratga doir xalqimizni qiziqtirgan masalalar haqida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan suhbat uyushtirdi.

— Assalomu alaykum, domla! Avvalo Haj ibodati haqida qisqa ma’lumot berib o‘tsangiz. Haj ibodati kimlar uchun farz qilingan va dinimizda Haj ibodatining farz qilinishida qanday hikmatlar bor?

— Haj o‘zi qasd qilish degani. Shar’iy istilohda esa ma’lum bir makonda, ya’ni Makkayi Mukarramadagi o‘sha Haj amallari bajariladigan joyni Haj amallarini bajarish uchun qasd qilish Haj hisoblanadi.

Hajning 5ta sharti bor: musulmon bo‘lish, aqlli bo‘lish, balog‘atga yetgan bo‘lish, hurlik (qulga Haj farz bo‘lmaydi), Haj yo‘liga imkoniyat bo‘lishi kerak. Hajga yo‘lga imkoniyat keng tushuncha, bu – moddiy, jismoniy, yo‘lning bexatarligi hisoblanadi. Shu shartlar topilgan kishiga Haj farz bo‘ladi.

Haj agar farz bo‘lsa, uni kechiktirish masalasi qanday? Ba’zi ulamolar Hajni biroz tahl qilib qilish mumkin, degan. Bu yil ado qilolmasa, kelasi yil qilaman, deb niyat qilishi mumkin deganlar. Lekin ko‘pchilik ulamolar, hadislarning dalolati ham shundayki, kimga Haj bo‘lsa vaqtida qilsin, kelasi yilga unga kasallik yetadimi, nima bo‘ladi bilmaydi. Chunki Haj farz bo‘lsa, ado qilmasdan o‘tsa, xuddi namoz vaqti kirib, namoz o‘qimasdan o‘tgani singari gunohkor bo‘lib qoladi.

Agar yuqoridagi 5ta shartdan birortasi bajarilmagan bo‘lsa, unga hali Haj farz bo‘lmaydi. Ba’zi odamlar Hajning yo‘liga imkoniyat degan narsani zakot bilan chalkashtirib qo‘yishadi. Zakotga qodir bo‘lmagan odam Hajga borishi farzmas-ku deb aytishadi. Zakot boshqa masala, Haj boshqa masala. Kimgadir Hajga borishni boshqa birov taklif qilishi, yo‘lga imkoniyatini qilib bersa ham boraverish kerak. O‘sha odamga, zakot farz bo‘lmasa ham, Haj farz bo‘ladi.

Haj amalining hikmati juda ham ko‘p. Odam alayhissalom farishtalarning osmonda, Bayt ul-Ma’murni aylanib tavof qilayotganini ko‘rgan ekanlar. Keyin parvardigor menga va avlodimga ham shunaqa aylanib, tavof qilib, ibodat qilishni farz qilsin, deb havas qilgan ekanlar. Shundan keyin parvardigor u kishining avlodlariga Hajni farz qilgan deyiladi. Islom shariatida Ibrohim alayhissalomdan boshlab, u kishi qurgan Ka’ba atrofida Haj qilish farz qilingan.

Avvalo Alloh farz qilgandan keyin bu amal bajarilishi shart. Hikmat ma’nosida aytiladigan bo‘lsa, Hajda ibodatning eng yuqori cho‘qqisi namoyon bo‘lgan, Hajning boshidan oxirigacha Allohga itoat. Masalan, Hajning amallari 7 marta aylanish. Nega aylanyapsan desa, Alloh buyurgani uchun aylanaman deyishdan boshqa gap aytilmaydi. Taslimiyat ibodatning eng yuqori cho‘qqisi. Hajdan ko‘zlangan maqsad bandani eng yuqori saviyada Allohga ibodat qilishga o‘rgatish. Ikkinchisi Hajda xokisorlik kasb etiladi. Banda dunyoning hamma lazzatlari, ziynatlaridan voz kechib, Alloh taologa butkul o‘zini taslim qiladi.

Mana 5-6 kun ehrom paytida boshqa payt halol bo‘lgan, balki savob bo‘lgan ishlar tark qilinadi. Masalan, atir, xushbo‘ylik sepish sunnat. Lekin ehromda xushbo‘ylik sepilmaydi. Chunki u ham dunyoning lazzatlaridan. Ziynat taqish ham xuddi shunday. Er-xotinlik munosabatlari shariatda bor, lekin ehrom payti qilinmaydi, chunki bu ham dunyoning lazzati. Buning ahamiyati shundaki, kishi dunyodan o‘zini ustun qo‘yib, o‘zini undan ruhan ozod qiladi. Zohiran dunyo narsalaridan uzilish bilan, qalban ham rohat tuyadi.

Hajda soch ham olinadi, chunki soch ham ziynat. Aslida islom shariatida soch-soqolni chiroyli qilib olib yurish kerak. Lekin Haj vaqtida soch-soqolingizga tig‘ tekkizmaysiz. O‘shaning ziynatini ham tark etasiz, qanday bo‘lsa shunday turadi. Sochning o‘zi ziynat bo‘lgani uchun, ehromdan chiqishdan oldin biryo‘la qirsangiz, o‘sha ziynatni ham tark etgan bo‘lasiz. Qisqartirsangiz ham o‘tadi, lekin uning savobi kamroq bo‘ladi. Boshqa payt sochni qirib tashlash savob bo‘lmaydi, bu Haj uchun xos holat. Tikilgan kiyim ham kiyilmaydi, chunki u ham qulaylikka intilish. Ayol kishi ham oddiy kiyinishi, ziynatni tark qilishi kerak. Mana shu mashaqqatlar bilan kishi o‘zining hayotida dunyodan Allohga uzilib chiqishning yorqin misolini ko‘radi. Shuning uchun juda ko‘p odam Hajni ado etib qaytsa, o‘zgarib qaytadi.

Buning ahamiyati katta, dunyodagi barcha razilliklar tagi, negizi dunyo muhabbatidir. Obro‘, shuhrat, mol-dunyodan inson ko‘p xato qiladi. Hajni chindan ruhiy ma’noda ado etsak, shu dardga davo bo‘ladi. Haj insonga o‘limni, qiyomatni eslatadi. Hajda tosh otiladi va sekin yuriladi. Va nega degan savol qo‘yilmaydi, javob ham berilmaydi.

Hajda musulmonlar bir-biri bilan ko‘rishadi, suhbatlashadi, bir joyga yig‘iladi va birdamlikni ta’minlaydi. Bu – Hajning ijtimoiy ahamiyati.

— Musulmon kishi Hajga borishga qanday tayyorlanishi kerak, qanday niyat qilinadi?

— Avvalo farz Haj bo‘lsa, Alloh buyurgan, shuni ado etishni niyat qilish kerak. Odamlarning gap-so‘ziga qaralmaydi. Masalan, namoz o‘qiyotganda odamlar sizni ko‘radimi, maqtaydimi, bunga e’tibor qilmaslik kerak bo‘lganiday, Haj ham odamlar uchun qilinmaydi.

Hajga ketayotgan odam qarz-havolalari bo‘lsa yo to‘lashi kerak, yo rozilik olishi kerak. Agar qarz beruvchi muhlat bergan bo‘lsa ham, qarzi bor odam Hajga borsa bo‘ladi. Haqdor sizdan haqqini talab qilib turgan bo‘lsa, bunda oldin uning haqqini to‘lash kerak. Qachonki, Hajga borishingiz qarzni to‘lashingizga monelik qilsa, bunda mumkin emas.

Birovning dilini og‘ritgan, xafa qilgan odam ham Hajdan oldin uzr so‘rab chiqishi kerak. Chunki banda Alloh taologa tavba qilish uchun ketayotganda, banda kechirmasa, Alloh kechirmaydigan gunohlar uchun uzr so‘rab qo‘yish kerak. Undan keyin Hajga ketayotgan odam o‘zini oxiratga ketayotganday his qilishi, tayyorlashi kerak. O‘limga yuz tutayotgandek qalbini dunyodan uzishi kerak. Buning uchun dunyo ishlariga bog‘liqliklar, tashvishlar bo‘lsa, shularni hal qilib qo‘yishi kerak. Hajga borib, unga, bunga yozib, o‘zini chalg‘itmasligi kerak. Yana mana dunyo ziynatlaridan kechishni ehrom kiyib zohirda bajaramiz. Lekin ruhan, qalban dunyo ne’matlaridan kechishni his qilmaymiz. Shuni his qilishga harakat qilish kerak.

Odamlarning maqtovi, Hoji aka deyishi kabilarni orzu qilmaslik kerak, Hajga ketayotgan odam o‘ziga halol bo‘lgan dunyo ziynatlarini ham tark etyapti-ku, shunday ekan, odamlarning maqtovidan ham voz kechish – mujarrab bo‘lish kerak. Keyin bizda Hajga borishda nima ovqat olib borish haqida ham o‘ylashadi, aslida oziq-ovqat g‘ami emas, u yerga borib, ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni o‘ylash kerak. Allohning buyruqlariga to‘liq taslim bo‘lishni niyat qilish kerak. Allohning hamma ishida hikmat bor, lekin ayrimlariga insonning aqli yetmaydigan qilib qo‘ygan. Ularga taslim bo‘lish bilan kishi musulmonlik va mo‘minligini isbotlaydi.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Abduqodir To‘lqinov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Ko‘proq yangiliklar: