«Sudyalar almashtirilmaydi» – taklif etilayotgan norma sudyalar faoliyatiga aralashish va bosim o‘tkazishga chek qo‘yadi

Jamiyat 19:25 / 27.06.2022 7544

O‘zbekistonda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Respublikada sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirib olishga haqli emas.

Shuningdek, sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biror tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Sudyalar to‘g‘risida»gi qonunda o‘z aksini topgan ushbu normalarning huquqiy asosi O‘zbekiston konstitutsiyasining 112-moddasi hisoblanadi. Taklif etilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, 112-moddaning joriy talqinidagi «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biror-bi r tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi» degan jumladan «odil sudlovni amalga oshirish borasidagi» degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.

Shu moddadagi «Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda ko‘rsatilgan asoslar bo‘lgandagina ozod etilishi mumkin» degan jumla quyidagi jumlaga almashtiriladi:

«Sudyalarni almashtirib bo‘lmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra tugatilishi yoki to‘xtatilishi mumkin».

Xo‘sh, bu o‘zgarish amaldagi moddadan qaysi jihatlariga ko‘ra farqlanadi? Eng muhimi, u fuqarolarga nima beradi?

Qayd etish kerakki, «2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» prezident farmonida fuqaroning va tadbirkorlik sub’yektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish «Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish»dan iborat ekani alohida ta’kidlangan.

So‘nggi yillarda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sudlarning mustaqil ekani va faqat qonunga bo‘ysunishini ta’minlashda sudya lavozimida bo‘lishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik va so‘ng muddatsiz davr belgilanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Bir ishni bir sud faqatgina bitta instansiyada ko‘rishi mumkinligini anglatuvchi «bir sud – bir instansiya» tamoyili joriy etildi.

Taklif etilayotgan normani konstitutsiyada aks ettirish zarurati shundan iboratki, avvalo sudyalarning mustaqilligi yanada to‘liq ta’minlanadi, sudya o‘z vakolatlari muddati davomida almashtirilmaydi, sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emasligi kafolatlanadi.

Bunday normani kiritishga «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun, xalqaro normalar, xorijiy davlatlar qonunchiligi, shuningdek, ilmiy jamoatchilik, sudyalar, fuqarolardan kelib tushgan taklif va tavsiyalar asos bo‘ldi.

Mazkur normaning asosiy mazmun-mohiyati shundan iboratki, sudyalar almashtirilmaydi, uning roziligisiz boshqa lavozimga yoki boshqa sudga o‘tkazilishi mumkin emas, sudyalar faoliyatiga aralashish, bosim o‘tkazish, asossiz faoliyatini to‘xtatish yoki tugatish kabi holatlarga barham berish tushuniladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu norma orqali sud hokimiyatining va sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sud faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchi oshishiga erishiladi.

Shuningdek, ushbu normaga hamohang qoidalar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 13-moddasida «Konstitutsiyaviy sudning sudyasi o‘z vakolatlari muddati davomida almashtirilmaydi. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ushbu Qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emas» deb belgilangan.

Qolaversa, Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasida «har bir inson huquq va burchlarini belgilash va unga qo‘yilgan jinoiy aybning qanchalik darajada asosli ekanligini aniqlashi uchun to‘liq tenglik asosida uning ishi oshkora va adolat talablariga rioya qilingan holda mustaqil va xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqiga ega»ligi qoida sifatida belgilab qo‘yilgan.

Sud mustaqilligini ta’minlashga doir ustuvor tamoyillar soha bo‘yicha ham xalqaro hujjatlarda o‘z ifodasini topgan. 1985 yilda qabul qilingan Sud hokimiyati mustaqilligi Asosiy prinsiplarining 11 va 12-bandlarida hamda 1998 yilgi Sudyalar maqomi to‘g‘risidagi Yevropa xartiyasi 3-bo‘limidagi sudyalarning almashtirilmasligiga doir qoidalar mustaqil odil sudlovni ta’minlashdagi eng asosiy mezonlaridan biri sifatida belgilangan.

Shuningdek, Ispaniya, Xorvatiya, Portugaliya, Gretsiya Konstitutsiyalarida xam shunday mazmundagi qoidalar belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: