Qurilish vazirligi 1326 ta holatda tadbirkorlar huquqlarini buzgani aniqlandi

O‘zbekiston 07:28 / 27.06.2022 3452

Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlarda Qurilish vazirligi va uning hududiy bosh boshqarmalari xodimlari tomonidan 1326 ta holatda tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qonun hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Turli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 90 nafar xodim tomonidan 1091 ta holatda belgilangan muddatlarni kechiktirish, ortiqcha hujjatlar talab qilish, murojaatni asossiz rad etish kabi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Tadbirkorlar ruxsat berish bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda Farg‘ona viloyatida 8 ta, Toshkent shahrida 3 ta holatda litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan. 

Amaldagi tartibga asosan, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish masalasini ko‘rib chiqish muddati 7 ish kuni qilib belgilangan bo‘lsa-da, vazirlik markaziy apparati xodimlari tomonidan 7 ta holatda mazkur muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Tadbirkorlik sub’yektlari murojaatlarini ko‘rib chiqilishi o‘rganilganda 197 ta holatda qonunchilikka zid ravishda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari o‘tkazib yuborilgan. 

Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida 20 ta holatda o‘tkazilgan o‘rganishlar biznes ombudsmanni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan.

Yuqoridagi holatlarga yo‘l qo‘yilgani uchun vazirlik va uning hududiy bosh boshqarmalari 143 nafar xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborildi.

Ko‘proq yangiliklar: