“Propiska” va postlarning yo‘q qilinishidan keyingi muhim qadam

Jamiyat 19:30 / 27.06.2022 26651

Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ichida “mazkur huquq bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqini takrorlayapti” deguvchilar ham topiladi. Konstitutsiyaviy islohotlarga fuqarolar shaxsiy pozitsiyasini bildirishi ochiqlik siyosatini ko‘rsatib turibdi.

O‘tgan yillar davomida inson huquq va erkinliklari bo‘yicha qilingan salmoqli ishlardan biri yo‘llardagi nazorat postlari, “propiska” degan tizimga chek qo‘yilishi amaldagi Konstitutsiya bilan belgilangan bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va mulkdor bo‘lish huquqini ta’minlashda muhim hodisa bo‘lganini aytib o‘tish joiz.

Oldin qo‘llanilgan “Propiska” tizimi deganda, ko‘pchiligimizning ko‘z oldimizda ish topa olmagan va chet elga ketgan minglab malakali kadrlar, o‘z uyini boshqaning nomiga rasmiylashtirgan fuqarolar, qonunni chetlab o‘tish bilan bog‘liq korrupsiya holatlari gavdalanadi.

Vaholanki, ushbu huquq 1966 yilgi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bilan kafolatlangan va birorta demokratik mamlakatda fuqaroning huquqini cheklaydigan bunday tartib yo‘q edi.

Xalqaro huquqiy hujjatlar va rivojlangan demokratik davlatlar konstitutsiyalarida ham ushbu huquq “erkin harakatlanish huquqi”, “turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi” sifatida berilgan va shaxsiy erkinlikning muhim elementi, inson kasbiy va ma’naviy rivojlanishi sharti hisoblanadi. Ya’ni, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi amaldagi Konstitutsiyada mustahkamlangan bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqidan ancha keng. Xususan, bir paytlar har bir hududda mavjud bo‘lgan nazorat postlari ham fuqarolarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan, desam, yanglishmayman. 

Erkin harakatlanish huquqi hamda turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi doim birga keladi va bir-birini taqozo qiladi. Mazkur huquq oila qurish, kasb tanlash va mulkdor bo‘lish huquqlarini amalga oshirishning muhim omili hisoblanadi.

Bundan tashqari, “turar joy” va “yashash joyi” tushunchalarining farqini to‘g‘ri tushunish mazkur taklifning ahamiyatini chuqurroq anglashga yordam beradi. Jahon amaliyotida shaxsning saylovlarda qatnashish, soliq to‘lash, harbiy ro‘yxatga olinish kabi munosabatlarda yashash joyi tushunchasi qo‘llanilsa, insonning vaqtincha yashaydigan va o‘z huquqlaridan foydalanish hamda fuqarolik vazifalarini amalga oshirish uchun qonuniy va doimiy uy-joy tashkil qilish niyati bilan bog‘liq bo‘lmagan muayyan makonga nisbatan turar joy tushunchasi qo‘llaniladi.

Shaxs o‘zi egallab turgan qonuniy turar joy binosining qaysi biri uning yashash joyi, qaysi biri turar joyi sifatida qayd etilishini erkin tanlash huquqiga ega. 

Bugungi kunda yoshlar poytaxtga: nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qish, mutaxassislikka ega bo‘lish va kelajagini ta’minlash maqsadida intilmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxsning respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqining kafolatlanishi – demokratik davlat qurish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Bekzod Narimanov,
Toshkent davlat yuridik universitetining Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

(Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin).

Ko‘proq yangiliklar: