Xo‘sh, bunday jazirama havoda salomatligimizni asrash uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz zarur? Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov bu boradagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Oftob tig‘i ostida qolish qator xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, — deydi shifokor. — Xususan, inson terisining kuyishi yoki bosh miya faoliyati buzilishi kuzatiladi. Oqibatda tomirlar kengayib, tanada qon aylanish jarayoni sekinlashadi.
Issiq urishi bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, holsizlik kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Namlik darajasi yuqori atmosferada esa ushbu alomatlar yanada kuchayishi mumkin.
Masalan, yurak urishi va nafas olish tezlashishi, ko‘z qorachig‘i kengayishi, qusish, kuchli bosh og‘rig‘i, quloq bitishi, chayqalib yurish kuzatiladi. Vaqti-vaqti bilan hushdan ketish, burundan qon kelishi, tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilishi ham shunday simptomlar sirasidan.
Og‘ir holatlarda esa yuzlar qizarib, keyin oq va ko‘kimtir tusga kiradi, mushaklar tortishadi. Bemorda alahsirash boshlanadi. Tana harorati 41-42 darajagacha yuqorilab, chuqur behushlik holati rivojlanadi.
Semizlik, gipertoniya, yurak tug‘ma nuqsonlari, endokrin kasalliklaridan aziyat chekuvchilar uchun jazirama oftobi, ayniqsa xavfli. Qolaversa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, keksa yoshli insonlar, kashandalar, stress holatidagi kishilarda quyosh urishi alomatlari kuchayib ketishi mumkin.
- Bunday ob-havo sharoitida vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan sochiq yoki dastro‘mol bilan artib turish, ochiq joyda ishlaganda ora-orada salqin joyda dam olish jazirama taftidan asraydi.
- Jaziramada yog‘li, achchiq va dudlangan mahsulotlar iste’mol qilishdan tiyilish zarur. Ko‘proq suyuqlik ichish qon aylanish tizimi faoliyatini me’yorlashtirib turadi.
Yengil, havo o‘tkazadigan paxta va kanop tolasidan to‘qilgan, tanadagi terning chiqib ketishiga to‘sqinlik qilmaydigan kiyimlar kiyish kerak. Bundan tashqari, oftobdan saqlanishda turli tabiiy va sintetik krem hamda maxsus kosmetik vositalar qo‘l keladi.
Oftob urishiga xos ilk belgilar paydo bo‘lgan zahoti jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish lozim. Zudlik bilan shifokorga murojaat qilishni ham unutmaslik kerak.
Avvalo, quyosh nuri urgan kishini soya-salqin joyga olib o‘tib, gorizontal holda yotqizish, oyoqlarini sal ko‘tarib, uni yelpish zarur.
Bemorga salqin ichimlik, mineral suv yoki qatiq ichirish tavsiya etiladi. Yuzini sovuq suv bilan yuvish, biror matoni ho‘llab, ko‘krak qafasiga bosish va hatto butun tanasini o‘rash yoki sovuq suvda cho‘miltirish ham yaxshi samara beradi.
Oftob urgan odamga bir necha kun dam olish tavsiya etiladi. Bu asab, qon aylanish tizimi va boshqa bir qator buzilgan biokimyoviy reaksiyalar tiklanishi uchun juda zarur!