Zangiotadagi kovid-kasalxonada yil boshidan buyon qancha chaqaloq tug‘ilgani ma’lum qilindi

Jamiyat 07:30 / 26.06.2022 4327

Toshkent viloyatidagi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov muassasadagi bemor bolalar va homilador ayollar haqida ma’lumot berdi.

«Bilamizki, koronavirus o‘ta yuqumli xastalik bo‘lib, boshqalarga qaraganda homilador ayollar uni yuqtirishga ancha moyil. Sababi bo‘lajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayib ketadi. Qolaversa, ushbu infeksiya bolalarni ham tez-tez zararlaydi.

Xususan, hozirgi kunda shifoxonamizda davolanayotgan bemorlarning 155 nafarini bolalar, 23 nafarini chaqaloqlar tashkil etadi. Jonlantirish bo‘limida 4 nafar bola shifokor va hamshiralar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda», — deydi shifokor.

Shuningdek, muassasada 170 nafar homilador ayol ham davolanmoqda. Joriy yil boshidan buyon shifoxonada 147 nafar chaqaloq tug‘ilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili ushbu muassasada 442 nafar chaqaloq dunyoga kelgan.

  • O‘zbekistonda iyun oyining ikkinchi yarmida koronavirusga chalinish holatlari orta boshladi. 18 iyun kuni fevral oyidan buyon ilk bor kunlik holatlar soni 100 dan oshdi (+108). Keyingi besh kunlikda kunlik holatlar soni 100 dan kamroq bo‘ldi, ammo 25 iyun kuni yana 100 dan oshiq holat (+119) qayd etildi.
  • Shahar hokimi qarori bilan, Toshkent shahrida koronavirusni davolashga ixtisoslashgan maxsus poliklinikalar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ko‘proq yangiliklar: