Tbilisida Gruziyaning YeI bilan integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi ommaviy aksiya o‘tkazildi

Jahon 08:12 / 25.06.2022 7205

24 iyun, juma kuni kechqurun Tbilisida Gruziya parlamenti binosi oldida YeI bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlovchi navbatdagi ommaviy aksiya bo‘lib o‘tdi. «Yevropadagi uy – 2» mitingi Yevropa ittifoqi sammitining Ukraina, Moldova va Gruziyaga tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha maqom berish haqidagi rasmiy qarori e’lon qilingan kunga to‘g‘ri keldi. 23 iyun kuni Yevropa kengashi Gruziyaga islohotlar amalga oshirilmaguncha YeIga nomzod maqomini bermaslikka qaror qildi – buning uchun olti oy vaqt ajratilgan. 

«Oligarxik boshqaruvsiz Gruziya» bosh shiori ostida o‘tkazilgan mitingga Shame («Sharmanda») yoshlar harakati faollari boshchilik qildi. Ular Yevroparlament rezolyutsiyasida oligarxlarning buzg‘unchi roli to‘g‘risidagi band borligini ta’kidladi va oligarx Bidzina Ivanishvilining Gruziya siyosati va iqtisodiyotiga xuddi shunday ta’siri borligini bildirdi. YeI a’zoligiga nomzod maqomini olish shartlaridan biri mamlakatda «deoligarxizatsiya»ni amalga oshirishdi.

Aksiya qatnashchilari, o‘zlari va’da qilganidek, rasmiylarga bir qancha talablarni ilgari surdi. Ular orasida Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvilining iste’foga chiqishi ham bor, u avval uzoq vaqt Ivanishvilining yordamchisi bo‘lib ishlagan. Bundan tashqari, namoyishchilar Yevrokomissiya talablarini bajarishni boshlaydigan Milliy kelishuv hukumatini tuzishni talab qildi. Shame harakati, agar namoyishchilar talabi bajarilmasa, 3 iyuldan boshlab parlament oldida muddatsiz norozilik namoyishini boshlash niyatida. 

Gruziya parlamenti binosi yaqinida hukumatga qarshi mitingga oldingi aksiyadan ham ko‘proq - 20 mingdan ortiq odam yig‘ildi. Politsiya ishtirokchilarning katta oqimini kutgan holda, markaziy Rustaveli prospekti bo‘ylab harakatni oldindan to‘sib qo‘ydi. Bu safar namoyishni tashkil etish va o‘tkazishda yoshlar yetakchi rol o‘ynadi, siyosiy partiyalar o‘zini hech qanday ko‘rsata olmadi. Gruziya va Yevropa ittifoqining ulkan bayroqlari ostida o‘n beshta poytaxt universitetlari talabalarining birlashgan kolonnasi o‘tishi kulminatsiya bo‘ldi. 

Miting ikki soatdan ortiq davom etdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukraina parlamentidagi «Xalq xizmatkori» fraksiyasi rahbari David Araxamiya yig‘ilganlarga audio-aloqa orqali murojaat qildi. Zelenskiy Donbass va Qrimni Abxaziya va Tsxinvali mintaqasiga qiyosladi hamda Ukraina o‘z hududlarini qaytarib olmaguncha taslim bo‘lmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Yevropa ittifoqiga nomzod davlat maqomini oldi, Gruziya esa shu yo‘lda. «Yo‘lda davom eting, biz sizga yordam beramiz. Ukraina va Sakartvelo (Gruziya) abadiy birga», - dedi Zelenskiy. Uning bu so‘zlari maydonda hayajon bilan kutib olindi. 

David Araxamiya deoligarxizatsiya mavzusiga to‘xtaldi. Ukraina, uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda «Gruziya katta Yevropa oilasiga qo‘shilishi uchun hamma narsani qilyapti, ammo barcha gruziyaliklar bitta oligarxning garoviga aylanganini tushunish juda uyatli narsa». Uning ta’kidlashicha, Ivanishvili oilasining barcha a’zolari Yevropa ittifoqida yashamoqda, gruzinlar esa bu imkoniyatni yo‘qotmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: