Surxondaryoda joriy yil 5 oyda YTH oqibatida qancha odam halok bo‘lgani ma’lum qilindi

Jamiyat 13:20 / 25.06.2022 17684

Surxondaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmati joriy yilning 5 oyi davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari yuzasidan statistik ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2022 yilning dastlabki 5 oyida viloyat hududida 119 ta YTH sodir bo‘lgan va ularda 51 kishi halok bo‘lgan, 82 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Sodir bo‘lgan YTHlar tahlil qilinganda 41 ta holatda transport vositalari o‘zaro to‘qnashgan, 55 ta holatda piyodalar, 10 ta holatda velosiped boshqarib ketayotgan shaxslar urib yuborilgan, 8 ta holatda mashinalar ag‘darilib ketgan, 4 ta holatda transport vositalari to‘siqqa urilgani ma’lum bo‘lgan.

71 ta holatda haydovchilar tezlik qoidalariga amal qilmagani tufayli, 38 ta holatda piyodalar belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotganda YTH sodir bo‘lgan.

Eng ko‘p Sho‘rchi va Denov tumanlarida 13 ta, Jarqo‘rg‘on tumani va Termiz shahrida 12 ta YTH sodir etilgani ma’lum bo‘lgan. Eng kam YTH Qiziriq tumanida 1 ta, Bandixon tumanida 3ta sodir etilgan. Muzabot tumanida YTH sodir bo‘lmagan.

Avvalroq, Surxondaryoda o‘zaro to‘qnashgan Isuzu va Kamaz yuk mashinalari yonib ketgan, tan jarohati olgan haydovchilar shifoxonaga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: