«Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari Bojxona qo‘mitasiga biriktiriladi

O‘zbekiston 07:21 / 25.06.2022 4704

Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini (tibbiy-ijtimoiy muassasalar) Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Belgilanishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi:

  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy uslub va ijtimoiy texnologiyalarni tatbiq etishda;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda, ular infratuzilmasini yaxshilashda hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy yordam va zarur dori vositalari bilan ta’minlashda;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda, ularni protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilish texnik va gigiyenik vositalari bilan ta’minlashda;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha zarur sharoitlarni yaratishda;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishda;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan shaxslar uchun ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni, shu jumladan konsert dasturlarini tashkil etish orqali ularni madaniy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlashda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga doimiy ravishda ko‘maklashadi.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish uchun o‘quv ustaxonalar tashkil etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har yili kamida ikki marotaba tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, tikuvchilik va ular qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli bepul kurslarni tashkil etadi.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda tashkil etilgan o‘quv ustaxonalar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jihozlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: