Qoraqalpog‘istonda «Borsakelmas» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilinadi

O‘zbekiston 07:23 / 25.06.2022 7259

Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashining:

  • “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil etish uchun O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga doimiy egalik huquqi asosida tegishli bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumanidagi 162 965 gektar hamda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga doimiy egalik huquqi asosida tegishli bo‘lgan 88 500 gektar yer maydonlarini zaxiraga qaytarish;
  • davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida Qo‘ng‘irot tumanida umumiy maydoni 300 000 gektar bo‘lgan “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

“Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasiga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladigan yer uchastkalari, ya’ni Qoraqalpog‘iston Qo‘ng‘irot tumanidagi Qo‘ng‘irot davlat o‘rmon xo‘jaligi 162 965 gektar o‘rmon fondi yerlari, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi 88 500 gektar yaylov yerlari va tuman hokimligi tasarrufida bo‘lgan 48 535 gektar zaxira yerlari tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilsin.

Belgilanishicha:

a) buyurtma qo‘riqxonasi qo‘riqlanma zonasidagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;

b) buyurtma qo‘riqxonasi Davlat ekologiya qo‘mitasi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;

v) buyurtma qo‘riqxonasi faoliyatini moliyalashtirish 2022 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga, 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston budjeti mablag‘lari, Davlat ekologiya qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

g) buyurtma qo‘riqxonasi hududida tabiiy majmualar va landshaftlar, shu jumladan, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvon turlari muhofazaga olinadigan asosiy obektlar hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: