Qashqadaryoda noma’lum kasallikdan vafot etgan ikki bolaga qanday tashxis qo‘yilgani ochiqlandi

O‘zbekiston 17:34 / 25.06.2022 56935

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, G‘uzor tumanida noma’lum kasallikka chalinib, vafot etgani aytilgan ikki nafar bola va ularning yaqinlari holatini o‘rganish bo‘yicha SSV tomonidan yuborilgan malakali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh ish olib bormoqda. Ularning dastlabki xulosalari ma’lum.

2019 yilda tug‘ilgan A.N. (o‘g‘il bola) 2022 yil 20 iyun kuni soat 9:40 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga o‘limoldi holatida olib kelingan. Bolaga “Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Gipertermik va talvasa sindromi. Asorati: toksik ensefalopatiya. Bosh miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi. DVS sindromi. Karaxtlik 2-darajasi” tashxisi qo‘yilgan.

Ko‘rsatilgan shoshilinch muolajalarga qaramasdan, shifoxonaga olib kelinganidan 1 soat-u 10 daqiqa o‘tib, bolada biologik o‘lim qayd etilgan.

Ikki kun o‘tib, 22 iyun kuni soat 23:05 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga 2016 yilda tug‘ilgan A.G. (qiz bola) ham o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan. U 20 iyun kuni vafot etgan A.N.ning yaqin qarindoshi bo‘lgan.

Bu bemorga “Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Virusli intensial sindrom. Toksik infeksion shok. DVS sindromi. Gemolitik uremik sindrom. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi. Anuriya bosqichi. Toksik ensefalopatiya. Miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilgan.

Bemorni davolash uchun bolalar reanimatologi, bolalar nevropatologi, gematolog, nefrolog, toksikolog va infeksionist mutaxassislar jalb qilingan. Biroq ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor 24 iyun soat 4:00 larda vafot etgan.

Vafot etgan A.N. va A.G. bir darvozadan kiriladigan ikki hovlida yashagan. Bolalar birga o‘ynagan, ba’zan birga ovqatlangan. Ular bilan kontaktda bo‘lgan 9 kishi profilaktika maqsadida izolyatsiyaga olinib, ehtiyot chorasi sifatida o‘ta xavfli infeksion kasalliklarga laborator tahlillar o‘tkazilgan.

Natijada, ayni paytda 2018 yilda tug‘ilgan A.A.da gemorragik isitma gumon qilinmoqda. Shu bois uning qon tahlillarini yakuniy tekshirish va xulosa berish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasiga yuborilgan.

Gemorragik isitma asosan mayda kemiruvchilardan, hasharot (kana)lardan odamga turli yo‘llar bilan yuqadi. Shu sababli vafot etgan bolalar yashagan xonadonlarda ehtiyot chorasi sifatida zarur epidemiologik tadbirlar boshlangan va u yerda profilaktik dezinfeksiyalash ishlari o‘tkazilgan. Uydagi ichimlik saqlanadigan hovuzdan laborator tekshiruv uchun namuna olingan.

«Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan turli asossiz va tekshirilmagan xabarlar tarqatmaslikni, odamlarning og‘ir kunidan foydalanib, shov-shuv ko‘tarmaslikni, eng muhimi, ushbu holatdan mamlakatda sun’iy epidemiologik xavf yaratish maqsadida foydalanmaslikni so‘raydi», deyiladi rasmiy axborotda.

Ko‘proq yangiliklar: