Pedagoglarning xorijda o‘qishi uchun alohida kvota ajratiladi

O‘zbekiston 07:27 / 25.06.2022 4762

“Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 yanvargacha pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM bakalavriatida o‘qiyotgan talabalar uchun ularning ta’lim yo‘nalishlariga turdosh bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shimcha pedagogik tayyorlov dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar bo‘yicha o‘qishga OTM bakalavriati so‘nggi ikki bosqichda o‘qiyotgan talabalar qabul qilinadi.

Dasturlarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega shaxslarga oliy ta’lim tashkilotida o‘qishni bitirganidan so‘ng qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan sertifikatda ko‘rsatilgan mutaxassislik bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM qo‘shma ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan talabalar hamkor xorijiy OTMda o‘qish davri uchun to‘lov-kontrakt qiymatini qoplab berish tartibi joriy etiladi. 

2023 yildan pedagogika sohasi bo‘yicha nufuzli xorijiy OTMda bakalavriat, magistratura, doktorantura dasturlari asosida kadrlar tayyorlash uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari hisobidan har yili tasdiqlangan umumiy qabul kvotalari doirasida pedagog kadrlar uchun kamida 35 ta alohida kvota ajratiladi. 

Qaror bilan pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM huzurida tashkil etiladigan akademik litseylar (8 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.

2023/2024 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM huzuridagi akademik litseylarga qabul ikki bosqichli saralab olish tizimi – dastlabki yozma imtihon hamda test sinovlari asosida tashkil etiladi. 

2022/2023 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog kasbiga layoqatli 10–11-sinf o‘quvchilarini maxsus ishlab chiqilgan variativ o‘quv rejalari asosida o‘qitish choralari ko‘riladi.

Ko‘proq yangiliklar: