Ispaniyaning Melilya eksklaviga ommaviy shturmda 20 ga yaqin muhojir halok bo‘ldi 

Jahon 07:59 / 25.06.2022 12940

24 iyun, juma kuni Sahroi Kabirdan janubda Afrika mamlakatlaridan kelgan 2 mingga yaqin odam Marokash va Ispaniyaning Melilya eksklav shahri o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tishga urindi. 18 muhojir halok bo‘ldi, ko‘plari yaralandi

Ispaniya hukumatining Melilyadagi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Afrika davlatlaridan kelgan muhojirlar chegara to‘siqlariga shturm uyushtirib, Ispaniya eksklavi hududiga kirishga uringan. Taxminan 130 kishi Melilyaga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Guvohlar «yaxshi tashkil etilgan va tajovuzkor» bo‘lgan «katta guruh» haqida xabar berdi. Marokash xavfsizlik kuchlari ispan chegarachilari bilan birgalikda muhojirlarni ortga qaytarishga urinib ko‘rgan. 

Marokash tomoni vakili halok bo‘lganlar sonini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlarning bir qismi panjaradan qulagan. 200 dan ortiq odam, jumladan, 140 nafar xavfsizlik xodimi va 70 nafardan ortiq muhojir jarohat olgan. 

Shu yilning mart oyida ham bir necha yuzlab muhojirlar Melilyadagi chegara to‘sig‘idan o‘tib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Afrika hududida Ispaniyaning ikkita eksklavi Seuta i Melilya Yevropa ittifoqining Afrikada yagona quruqlikdagi chegaralari bo‘lib, bu ularni Yevropaga yaxshiroq hayot uchun ko‘chib o‘tishga umid qilayotgan odamlar uchun magnitga aylantiradi. Eksklavlardagi chegara to‘siqlari tikanli simlar, videokameralar va blokpostlar bilan jihozlangan. Biroq, ulardan o‘tib ketishga qaratilgan urinishlar to‘xtamayapti.

Mart oyida, Marokashning G‘arbiy Sahro siyosati bo‘yicha uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng, Ispaniya hukumati birinchi marta Marokash boshchiligidagi rejani qabul qilib, Marokash suvereniteti ostida G‘arbiy Sahroga ma’lum darajada avtonomiya berishni o‘z ichiga olgan ko‘p yillik diplomatik inqirozga barham berdi. 

O‘shandan beri Ispaniya va Marokash o‘rtasida parom qatnovi qayta tiklandi va Ispaniya eksklavlarida Ispaniya va Marokash politsiyasi o‘rtasida hamkorlik dasturlari ishga tushirildi. 

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches yaqinda Madrid «noqonuniy migratsiya fojiasidan bosim vositasi sifatida foydalanishga» toqat qilmasligi haqida ogohlantirdi. Noqonuniy immigratsiya NATO davlatlari vakillari iyun oyi oxirida Ispaniya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan sammitga yig‘ilganda, alyansning janubiy qismidagi xavfsizlikka tahdidlar ro‘yxatida bo‘lishi kerak, dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: