AQSh va Germaniya Rossiyani dunyoda ocharchilikni keltirib chiqarayotganlikda aybladi

Jahon 08:34 / 25.06.2022 10172

Germaniya va AQSh Rossiyani dunyoda oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqarayotgani uchun tanqid qildi. «Bu inqirozning yagona sababi – Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligi», dedi AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken 24 iyun, juma kuni Berlinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxining oshishi Rossiyaning Qora dengizdagi Ukraina portlarini to‘sib qo‘ygani, shuningdek, Rossiyadan oziq-ovqat eksportiga cheklovlar qo‘ygani bilan bog‘liqdir.

O‘z navbatida, Berbok Rossiyaning «bema’ni «g‘alla urushi» haqida gapirdi, bu bilan Moskva «butun davlatlarni beqarorlashtirish uchun qasddan oziq-ovqat narxlarini oshirib yubormoqda». 

Blinken va Berbok G7 yig‘ilishi oldidan juma kuni Berlinda Germaniya hukumati tomonidan tashkil etilgan xalqaro oziq-ovqat konferensiyasida qatnashdi. 

«Biz, «Katta yettilik» Rossiyaning bosqinchilik urushi dunyoda ocharchilik keltirib chiqarishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Birgalikda harakat qilamiz», - dedi Blinken. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, sanoati rivojlangan davlatlar, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli kelib chiqqan inqirozning yomonlashuviga javobgar bo‘lmasa ham, mas’uliyat bilan harakat qilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘ygan g‘arb davlatlarini inqirozni keltirib chiqarishda ayblagandi. Bu sanksiyalar Rossiyadan g‘alla, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportini murakkablashtirdi. Blinken va Berbok bu bayonotni rad etdi hamda oziq-ovqat va o‘g‘itlarga nisbatan sanksiyalar yo‘qligini ta’kidladi. 

Ko‘proq yangiliklar: