Qashqadaryoda ikki bola noma’lum kasallikdan vafot etdi

Jamiyat 07:57 / 24.06.2022 47201

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yana bir bola noma’lum kasallikdan vafot etdi. U 2022 yil 20 iyun kuni noma’lum kasallikdan vafot etgan 4 yoshli bolaning 6 yoshli amakivachchasidir. Qizaloq so‘nggi kunlarda og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, shifokorlar ahvoli og‘ir bo‘lgan bolani bir necha kun davomida tekshirib, u qanday dardga chalinganini aniqlay olmagan. Shuningdek, Samarqand shahridan yordamga chaqirilgan shifokorlar ham bolaga aniq tashxis qo‘ya olmagan.

Oradan bir kun o‘tib, bola bilan bir hovlida yashagan uning amakivachchasi, 6 yoshli qizaloqning ham mazasi qochgan va u ham tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qarindoshlarining xabar berishicha, 23 iyun kuni tunda 6 yoshli qizcha ham vafot etgan.

G‘uzorda 4 yoshli bolaning noma’lum kasallikdan vafot etgani yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, vazirlik tomonidan malakali professor-shifokorlardan iborat maxsus tibbiy brigada tuzilib, zudlik bilan G‘uzor tumaniga yuborilgan.

«Mazkur holatni o‘rganish va vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan malakali professor-shifokorlardan iborat maxsus tibbiy brigada tuzilib, zudlik bilan G‘uzor tumaniga yuborildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu holatni o‘z nazoratiga olgan. O‘rganish natijalari haqida batafsil ma’lumot beriladi», deyiladi SSV munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: