Politico: Zelenskiy Xerson qo‘ldan ketgani tufayli Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarini ishdan olmoqchi

Jahon 15:54 / 24.06.2022 21057

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) rahbari Ivan Bakanovni almashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Zelenskiyga yaqin bo‘lgan to‘rt nafar ukrain amaldorlariga, shuningdek UXX islohoti masalasida Kiyevga maslahatchilik qiluvchi g‘arblik diplomatga asoslangan holda Politico xabar bermoqda.

Nashr manbalari ma’lumotiga ko‘ra, Bakanov urush davridagi qator muvaffaqiyatsizliklar va Xerson boy berilishi tufayli Ukraina prezidentining ishonchini yo‘qotgan. «Biz uning faoliyatidan juda norozimiz va undan qutulishni istayapmiz», — degan Politico muxbiriga Zelenskiyga yaqin bo‘lgan yuqori martabali ukrainalik amaldor.

Nashr suhbatdoshlari ta’kidlashicha, gap nafaqat Bakanov, balki UXXning boshqa yuqori martabali xodimlarining urushning ilk soatlari va ilk kunlaridagi qarorlari haqida ham ketmoqda, bunday qarorlar tufayli Ukraina strategik muhim bo‘lgan Xersonni yo‘qotgan. Jumladan, UXXning Xerson bo‘yicha boshqarmasi rahbari Sergey Krivoruchko rossiyalik harbiylar shturm qilishni boshlashi bilan shahardan evakuatsiya bo‘lishga buyruq bergan, uning yordamchisi Igor Sadoxin esa rossiyaliklarga minalashtirilgan hududlar xaritasini topshirgan. UXXning ikki xodimi ham davlatga xiyonatda ayblanib, qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, ukrain amaldorining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini 3 mart kuni UXX xodimlari Dnepr orqali o‘tgan Antonov ko‘prigini portlatishmagani uchun ham Xersonni osonlik bilan egallagan bo‘lishi mumkin.

Ukraina prezidenti ofisi, Ivan Bakanovning o‘zi va Ukraina xavfsizlik xizmati hozircha bu ma’lumotni izohlashmadi.

  • Ivan Bakanov — Volodimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti. Bakanov 2019 yil avgustida, Zelenskiy prezidentlikka saylanganidan uch oy o‘tib Ukraina xavfsizlik xizmati rahbariga aylangandi. Politico nashri yozishicha, so‘nggi vaqtlarda eski do‘stlar juda kam o‘zaro muloqot qilishadi — faqat hukumat ishlari bo‘yicha.
Ko‘proq yangiliklar: