“Ota-onam o‘qishga rag‘batni doim birinchi o‘ringa qo‘yishgan” - yosh biolog qiz

Jamiyat 21:46 / 24.06.2022 31794

Aziza Abduvaliyeva – “Mikrofon qizlarda” ruknining navbatdagi mehmoni. 17 yoshli Aziza Xalqaro biologiya olimpiadasi g‘olibi, “Zulfiya” mukofoti laureati, ayni paytda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi.

Xalqaro olimpiadadagi birinchi o‘rin uchun davlat tomonidan 122,5 mln so‘m bilan taqdirlangan Azizaning bu muvaffaqiyati uchun vaqtida ota-onasi yetarlicha investitsiya kiritishgan.

UQnvU1IDxbfmDACcjsbzrAEZwqVA5RWE.jpg (1060×732)
Foto: Xalq ta’limi vazirligi

“Ayol kishining ilm olishiga katta e’tibor beriladigan muhitda katta bo‘lganman”

2005 yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilganman. Dadam oshpaz, onam tuman poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlaydi. Oilada 5 farzandmiz.

Fanga qiziqishimga ko‘proq onam turtki bo‘lgan deb o‘ylayman. Sababi onam har doim: “Ayol kishining ilm o‘rganishi juda muhim”, deb aytib keladilar. Otam ham, onam ham bizning ta’limimizga alohida e’tibor berishgan. Dadam ham juda kitobxon: chet el, rus adabiyotini yaxshi ko‘rib o‘qiydi, onam ham.

Kitoblar orasidagi muhitda katta bo‘lishim sabab biologiyaga ham qiziqishim ortdi. Onam kichikligimdan shifokor bo‘lishimni orzu qilgan, o‘zimning ham bu yo‘nalishga qobiliyatimni ko‘rib to‘g‘ri yo‘naltirishga harakat qilishgan.

Bir yarim baravar qimmatga olingan kitob

Ota-onam har doim: “Qizim, o‘qishing uchun daftar, ruchka, kitob – nima kerak bo‘lsa, hammasini topib beramiz, o‘ylamagin”, deyishardi. Ular o‘qishga rag‘batni doim birinchi o‘ringa qo‘yishgan. Shunga oid bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Oltinchi yoki yettinchi sinfdaligimizda maktabimizda kitob yarmarkasi tashkil qilingandi, unda O‘tkir Hoshimovning “Ikki karra ikki – besh” kitobini ko‘rib qolib sotib olishni juda xohlaganman. Shu kayfiyat bilan chopib uyga borganman, ish-o‘qish vaqti bo‘lgani uchun, uyda hech kim yo‘q, uyimizning kalitini qo‘shniga qoldirib ketardik. Yoshlari yetmishdan oshgan qo‘shni boboning yoniga chiqib telefonini so‘rab turib, shoshganimcha onamga telefon qilganman.

Foto: Aziza Abduvaliyevaning shaxsiy arxividan

“Oyi, oyi, maktabimizga kitob yarmarkasi keldi, mana shu kitobni olishni xohlayapman,” deganman.

Oyim esa “Bu kitob bozorda yarim narxiga turibdi, qizim. Qimmat aytishibdi. Ozgina kutsang, ertaga bozordan olib beraman”, deb javob bergan.

Lekin men o‘sha kuniyoq shu kitobni sotib olishni xohlashimni aytib turib olganman. So‘ng onam qo‘shni bobodan iltimos qilib kitobga yetadigan pulni berib turishni so‘ragan va men kitobli bo‘lganman. Agar ota-onamning o‘rnida bo‘lgan boshqa kishi bo‘lganda, ehtimol, “Ozgina sabr qilasan, bozordan olib beraman, aynan hozir olishing shartmas,” degan bo‘lar edi. Aytmoqchi bo‘lganim, ota-onam kitob o‘qigimiz kelganini ko‘rib har qanaqa vaziyatda bo‘lsa ham rag‘bat berishga harakat qilgan.

“Kitob tanlashga o‘rganganman...”

Boshida kitoblarni onamning o‘zi olib kelib berardi. Keyinroq qo‘limga pul berib: “Kitobni to‘g‘ri tanlay olish ham qobiliyat. Endi o‘zing tanlaysan, qani, qanday kitoblar olarkansan?” deb kitob do‘koniga olib borgan. Kichkinagina do‘konchadan birinchi marta kitob olganimda o‘sha “budka”cha juda katta, ichidagi kitoblar esa tuganmasday tuyulgan.

Xarid qilgan kitoblarimni birinchi bo‘lib onamga ko‘rsatardim, onam esa kitob bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirardi. O‘shanda onam shunchalik ko‘p kitob o‘qiganki, u o‘qimagan kitobni topa olmasam kerak, deb o‘ylardim.

Hayotimdagi hamma muvaffaqiyatim – kerakli paytda, hali nima to‘g‘ri-noto‘g‘riligini anglab ulgurmagan paytlarimda ota-onam to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganida deb o‘ylayman.

Foto: Aziza Abduvaliyevaning shaxsiy arxividan

Bolalik orzusi

Maktabda "5" bahoga o‘qiganman. Ona-tili, tarix, geografiya, biologiya, kimyoni yaxshi ko‘rganman. Fanlarga mehrim tushishi o‘qituvchilarimning bilimli bo‘lishgani bilan ham bog‘liq deb o‘ylayman.

Kichikligimdan shifokor bo‘lishni orzu qilganman. Sababi onamning ishxonasiga borganimda oq xalatli shifokor, hamshiralarning ish jarayoni, odamlarning shifo topib ketayotgani menga juda ta’sir qilgan. Shuning uchun biologiyani ham yaxshi ko‘rib o‘rgana boshlaganman.

5-sinfda bizga dars o‘tgan o‘qituvchining fanga qiziqtira olgani sababli bir muddat tarixchi bo‘lishni ham xohlab qolgandim. Lekin 6-sinfda boshqa o‘qituvchi dars o‘ta boshladi va tarixchi bo‘lish orzusi chekindi.

Hozir eng asosiy maqsadim – professional neyrojarroh bo‘lish.

“Qiyinchilik paytida tasavvurimni ishga solaman...”

Biologiya – hayotni o‘rganadigan fan. Bu fanni o‘rganish uchun u bilan parallel kimyo, matematikani ham yaxshi bilish kerak. Menda boshida shu tomonlama qiyinchilik bo‘lgan. Maktab darsliklarida berilgan ma’lumotlarda kamchiliklar, xatoliklar, to‘ldirilishi kerak bo‘lgan o‘rinlar bor. Bu ham boshida biroz chalg‘itgan.

Fanni o‘zlashtirishda qiyinchiliklar bo‘lgan paytlari shug‘ullanishni to‘xtatib qo‘yishni o‘ylagan yoki bunchalik chuqur o‘rganib nima qilaman degan xayollarga borgan paytlarim ham bo‘lgan. Biroq kelajagimni aniq shu yo‘nalishda ko‘raman. O‘zim kutayotgan narsalarni tasavvur qilib ko‘rishni yaxshi ko‘raman: kelajakda oq xalatda neyroxirurgiya sohasida odamlarga foydam tegayotganini, parallel tarzda ilmiy tadqiqotlar ham olib borayotganimni tasavvur qilaman va o‘qishga motivatsiyam yana oshadi. Har qanday muvaffaqiyatning orqasida mashaqqat yotishini esa yaxshi bilaman.

Foto: Aziza Abduvaliyevaning shaxsiy arxividan

“9-sinfni bitirib Toshkentga keldim...”

9 yillik ta’limni G‘allaoroldagi 42-maktabda tugatib, hozir o‘qishimni Toshkentda Pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyda davom ettiryapman.

9-sinfni tugatayotgan paytim ota-onam: “Agar xohlasang, o‘z yo‘nalishingda chuqurlashtirilgan litseyda o‘qishing mumkin, biz bunga sharoit qilib bera olamiz”, deyishgan. Shundan so‘ng yo‘nalishimga mos barcha muassasalarni ro‘yxat qilib chiqqanmiz va oxirida Toshkent tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey, biri – o‘zim o‘qiyotgan joy. 2 ta litsey Toshkentning 2 tomonida, poytaxtda qarindoshlarimiz yo‘q, ham oilamizda biroz moliyaviy qiyinchiliklar bor edi. Shuning uchun ham men faqat bitta litseyning imtihonida qatnashaman, shu yetadi, degandim, lekin dadam: “Yo‘q, qiziqishing ikkalasigami, demak, ikkalasiga ham imtihon topshirasan, imkonini qilamiz”, degandi. Har ikki litseyga ham qabul qilinib, hozirgi o‘qish joyimni tanlaganman.

“Toshkentga kelmaguncha xalqaro fan olimpiadalar haqida bilmasdim ham...”

Rostini aytsam, to Toshkentga o‘qishga kelgunimcha xalqaro fan olimpiadalari haqida bilmasdim ham. Shunaqa imkoniyat borligini bilib, men ham saralashlarda qatnashdim va O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida fan olimpiadasida qatnashib oltin medalni qo‘lga kiritdim. O‘sha payti dadam Rossiyada ishlardi, onam uyda edi, g‘olib bo‘lganimni eshitib ikkalasi ham yig‘lashgan, birinchi marta otamning yig‘laganini ko‘rganman.

Oltin medal uchun 122,5 mln so‘m pul mukofoti berilgan. Ko‘pchilik “Pulni nima qilgansiz”, deb so‘raydi, ota-onamga berganman. O‘zi bizda ota-onam kiyinmaydi ham, to‘y yoki boshqa bazmlarga ham deyarli borishmaydi, topganlari biz farzandlarning ta’lim xarajatlarimizga ketadi. O‘sha pul ham baribir o‘zimizga ishlatilgan.

Foto: Aziza Abduvaliyevaning shaxsiy arxividan

“Zulfiya” mukofoti atrofidagi gaplar

“Zulfiya” mukofoti tanlovi uchun hujjat topshirdim va shu yil 5-martda men ham taqdirlanganimni aytishdi. Mukofot atrofida har xil gaplar yuradi. Taqdirlanganlar 28 kishi bo‘lsa, lekin men o‘zim uchun javob beraman. Aslida, mukofot – olish uchun harakat qiladigan qanaqadir sovrin emas, balki yutuqlar va harakat uchun beriladigan taqdirlovdir.

Kelajagimni qanday tasavvur qilaman?

Bu yil ham xalqaro olimpiadada qatnashaman, hozir shunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Tayyorgarliklar qattiq va ko‘p vaqtni olgani uchun xalqaro universitetlarga hujjat topshirishga ulgura olmadim. Shuning uchun Toshkent pediatriya institutiga o‘qishga hujjat topshirmoqchiman, lekin keyingi yil o‘qishimni xorijga ko‘chirishni rejalashtirganman.

Neyroxirurgiya sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lish – asosiy maqsadim. Chet elda o‘qishimga ota-onam ham qarshi emas, ular menga ishonishadi va qo‘llab-quvvatlashadi.

Aniq fanlar yo‘nalishida qizlar nega kam?

Ilm bilan shug‘ullansa, qizlar ko‘p vaqtini ishga ajratib oilasini eplay olmay qoladi, degan xavotirlar bunga sabab deb o‘ylayman. Lekin imkon berilsa, biz hamma narsani eplay olamiz. Qolaversa, qiz bola baribir boshqa uyga ketadi, degan qarashlar ham bor. Bular ham qizlar o‘qishiga xalaqit beradi.

O‘zimdan misol qilib keltirsam, onamning bilimli ekani o‘zimning o‘qimishli bo‘lishimga sabab bo‘lgan. Shuning uchun farzandlar bilimli bo‘lishi, jamiyat rivojlanishi uchun onalar ilmli bo‘lishi juda muhim.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: